“Faxriy donor” bo‘lish talablari va ularga berilayotgan imtiyozlar qanday?
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida donorlik harakatini qo‘llab-quvvatlash tizimini takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda muhokama qilindi.
— Aholi orasida beg‘araz donorlik madaniyatini shakllantirish, donorlik harakatini keng jamoatchilik ishtirokida rivojlantirish, qon donorlariga sifatli xizmat ko‘rsatish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda, — dedi deputat Gulnora Abduvohidova. — Bir yilda 4 yoki ko‘pi bilan 5 marta qon topshirish mumkin. Buning uchun inson sog‘lom bo‘lishi kerak. 40 marta qon topshirishgan faol shaxslarga “O‘zbekiston Respublikasi faxriy donori” ko‘krak nishoni beriladi va ularga bir qator imtiyozlar berish nazarda tutilmoqda. Jumladan, mazkur qonun loyihasi bilan “O‘zbekiston Respublikasi faxriy donori” ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan shaxslarga ular uchun qulay bo‘lgan vaqtda har yilgi mehnat ta’tiliga chiqish, shahar transportining barcha turlaridan (yo‘nalishli va yo‘nalishsiz taksilardan tashqari), shaharlararo transportlardan bepul foydalanish huquqini berish belgilanmoqda. Shuningdek, sanatoriy-kurortlarda davolanish uchun yo‘llanmalarni navbatsiz olish huquqi nazarda tutilmoqda.

Muhokamalar davomida bir qator savollar o‘rtaga tashlandi. Jumladan, deputat Navro‘z Yusupov quyidagi savol bilan murojaat qildi:
— Qonun loyihasi bilan “O‘zbekiston Respublikasi faxriy donori” ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan shaxslarga jamoat transportidan foydalanish huquqi berilmoqda va buning uchun maxsus imtiyozli karta taqdim etiladi. Imtiyozli karta qancha muddatga beriladi va qaysi hududlarda amal qiladi?
— Vazirlar Mahkamasining 2022 yildagi tegishli qarorida imtiyozli kartalar berish tartibi belgilangan. “O‘zbekiston Respublikasi faxriy donori” ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan shaxslar Davlat xizmatlari markazlariga murojaat qilib, imtiyozli kartalarni olishi mumkin. Bu kartalar cheklanmagan muddatga beriladi, undan boshqalar foydalanishi mumkin emas.
Qizg‘in muhokama va savol-javoblardan so‘ng, qonun loyihasi qabul qilindi.
Muhtarama Komilova,
O‘zA