Onlayn savdo: muddatida yetkazilmagan tovar uchun penya to‘lanadi

160

Bugungi kunda onlayn savdo munosabatlari kengayib bormoqda. Uyda o‘tirgan holda telefon va internet orqali o‘zimizga ma’qul narsa-buyumlarni “zakaz” qilib olishimiz mumkin. Ammo ko‘p hollarda tovarlarni o‘z vaqtida yetkazib bermaslik va iste’molchining huquqlari buzilayotgan vaziyatlar ham mavjud.

Ma’lumotlarga qaraganda, sotuvchilarning fuqarolarga tovarlarni kelishilgan muddatda yetkazib bermayotgani bilan bog‘liq murojaatlar ko‘paymoqda. Jumladan, 2022 yilda 500 ta, 2023 yilda 1 ming 373 ta, 2024 yilda esa 1 ming 476 ta murojaat kelib tushgan va bunga amaldagi qonunlarda tegishli javobgarlik belgilanmagani sabab bo‘lmoqda.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi partiyalar fraksiyalarining yig‘ilishlarida “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga qo‘shimcha kiritish haqida”gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.

Ta’kidlanganidek, qonun loyihasi bilan sotuvchi iste’molchiga shartnomada ko‘rsatilgan muddatlarda tovarni topshirmagan taqdirda, majburiyatning bajarilmagan qismiga penya to‘lashi nazarda tutilmoqda. Bunda penyaning umumiy summasi yetkazib berilmagan tovar bahosining 100 foizidan oshib ketmasligi, penyani to‘lash shartnoma majburiyatlarini buzgan tarafni tovarlarni yetkazib berish muddatlarini kechiktirib yuborish, to‘liq yetkazib bermaslik oqibatida yetkazilgan zararni qoplashdan ozod etmasligi belgilanmoqda.

Shu bilan birga, sotuvchi tovarlarni iste’molchiga topshirishning kechikishi iste’molchining aybi bilan sodir bo‘lganligini isbotlasa, penya to‘lashdan ozod etilishi ko‘zda tutilmoqda.

Qonun loyihasida nazarda tutilayotgan normalar aholining iste’molchi sifatidagi huquqlarini himoya qilishga hamda oldi-sotdi shartnomasiga muvofiq sotuvchi shartlashilgan muddatlarda tovarlarni iste’molchiga topshirmasligi kabi holatlarning oldini olishga xizmat qiladi.

Muhtarama Komilova, O‘zA