Yangi “yashil” tashabbuslarga start berildi

145

Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishini o‘rganish universitetida (“Green University”) “Atrof-muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot yili” munosabati bilan Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi tomonidan BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi vakolatxonasi bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan ikkita xalqaro loyihani ishga tushirishga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda ekologiya vaziri o‘rinbosari Iskandar Qutbiddinov, BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi doimiy vakili Akiko Fujii, IUCNning Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy direktori Oliver Avramoski (onlayn), vazirlik va idoralar, xalqaro tashkilotlar, ilmiy jamoalar va fuqarolik jamiyati, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Tadbir davomida xalqaro tashkilotlar vakillari tomonidan yangi “yashil” tashabbuslar taqdim etildi. Loyihalardan biri “Biologik xilma-xillikni saqlash bo‘yicha Milliy strategiya va harakatlar rejasini va 7-Milliy hisobotini yangilashni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha kompleks dastur” bo‘lib, jahonning 69 davlatida, jumladan, O‘zbekistonda ham amalga oshirilayotgan global loyihaning bir qismidir. U biologik xilma-xillik milliy strategiyalari va harakat rejalarini hamda 7-Milliy hisobotni tayyorlashda mamlakatlarni qo‘llab-quvvatlaydi. Ushbu loyihani amalga oshirish doirasida O‘zbekistonda Global bioxilma-xillik asoslari va uning asosida ishlab chiqilgan yangi milliy maqsadlarga muvofiq yangilangan Milliy strategiya va Harakatlar rejasini tayyorlash kutilmoqda.

Qayd etilishicha, biologik xilma-xillikni saqlash va ekotizimlarni tiklashga qaratilgan ikkita yangi loyiha soha vakillari tomonidan yuqori baholanmoqda. G‘arbiy Tyan-Shan, Nurota va Ko‘hitang tog‘ tizmalarida ekotizim barqarorligini oshirish va biologik xilma-xillikni saqlash bo‘yicha tashabbuslar, shuningdek, bioxilma-xillikni saqlash bo‘yicha Milliy strategiya va Harakatlar rejasini ishlab chiqish alohida ahamiyat kasb etadi, chunki bu biologik xilma-xillikni saqlash bo‘yicha Global dasturdagi maqsadlar bilan bog‘liq uzoq muddatli harakatlarimizni belgilab beradi.

BMTTD va IUCNning ilg‘or tajribasi va bilimlariga asoslangan ushbu loyihalarni amalga oshirish O‘zbekistonda bioxilma-xillikni saqlashda amaliy natijalar beradi. Loyihalar 2030 yilgacha Global ekologik fond (GEF)ning 6,5 million AQSH dollari miqdoridagi grant mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi. Ushbu loyiha bioxilma-xillikni muhofaza qilish, saqlash va tiklash sohasida uzoq muddatli davlat siyosatini shakllantirishga qaratilgan bo‘lib, davlat tashkilotlari, biznes hamjamiyatlari va jamoatchilikning faol hamkorligini talab qiladi.

Tadbirda BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi doimiy vakili Akiko Fujii so‘zga chiqib, ushbu tashabbuslarning ahamiyatiga alohida to‘xtalib o‘tdi.

–O‘zbekiston o‘zining boy bioxilma-xilligi va noyob ekotizimlarini muhofaza qilish va tiklash bo‘yicha salmoqli chora-tadbirlar ko‘rmoqda, – deydi Akiko Fujii. – Biz BMT Taraqqiyot dasturi sifatida mamlakatning global bioxilma-xillik maqsadlariga erishish borasidagi sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlashdan mamnunmiz. Ishonchimiz komilki, hukumat, fuqarolik jamiyati va xalqaro tashkilotlar hamkorligi O‘zbekistonning yosh avlodi uchun yashil kelajak yaratishda mustahkam poydevor qo‘yib, barqaror natijalar beradi.

“O‘zbekistonning yuqori qiymatga ega landshaftlarini muhofaza qilish va qayta tiklash bo‘yicha kompleks boshqaruv” bo‘yicha yirik loyiha puxta ishlab chiqilgan va inklyuziv siyosat orqali ekotizimlarni tiklash uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, ekotizimlarni tiklash jarayonlarida innovatsiyalarni qo‘llash va bioxilma-xillikni saqlash bo‘yicha samarali va barqaror moliyalashtirishni ishlab chiqish va sinovdan o‘tkazishga qaratilgan. Ushbu loyihani amalga oshirishda asosiy hamkorlardan biri 2024 yilda Toshkentda mintaqaviy vakolatxonasi rasman ochilgan Xalqaro tabiatni muhofaza qilish ittifoqidir. Loyihaning tajriba hududlari G‘arbiy Tyan-Shan, Nurota tizmasi va Ko‘hitang landshaftlari hisoblanadi.

Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA