Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalari ikki guruhga bo‘linmoqda (+video)

Bugun Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi siyosiy partiyalar fraksiyalarining yig‘ilishlari bo‘lib o‘tdi. Ularda bir qator qonun loyihalari qizg‘in muhokama qilindi.
Jumladan, O‘zbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasining yig‘ilishida “O‘zbekiston Respublikasining Yer kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.
— Mazkur qonun loyihasi bilan sug‘oriladigan yer uchastkalarini boshqa toifaga o‘tkazish bo‘yicha talablarni qonun darajasida yanada kuchaytirish taklif etilmoqda, — dedi fraksiya a’zosi Mohira Xo‘jayeva. — Shuningdek, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalarini foydalanish turiga qarab 2 guruhga, ya’ni qishloq xo‘jaligi yer uchastkalari va qishloq xo‘jaligiga xizmat ko‘rsatuvchi yerlarga bo‘lish bo‘yicha aniq normalar kiritilmoqda.
Bundan tashqari, sug‘oriladigan yerlarni qat’iy muhofaza qilish, bunday yerlardan boshqa maqsadlarda foydalanish masalasini faqatgina sug‘oriladigan yerlarning suv ta’minoti va tuproq sifati bilan bog‘liq jiddiy o‘zgarishlar yuz bergan taqdirda ko‘rib chiqilishi yuzasidan huquqiy normalar belgilanmoqda. Qonun loyihasining qabul qilinishi mamlakatimizda qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalarida qishloq xo‘jaligiga xizmat ko‘rsatuvchi ob’ektlarni joylashtirish, yerga bo‘lgan huquqlarni ishonchli himoya qilishga xizmat qiladi.
Yig‘ilishda qonun loyihasi qizg‘in muhokama qilinib, fraksiya a’zolari tomonidan taklif va tavsiyalar berildi hamda qonun loyihasi qo‘llab-quvvatlandi.
Shuningdek, Xalq demokratik partiyasi fraksiyasining yig‘ilishida qonun loyihalarini Qonunchilik palatasining muhokamasiga kiritish va ko‘rib chiqish tartibini takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.
Unga ko‘ra, qonun loyihalarini quyi palataga kiritishda qonun loyihasining huquqiy ekspertizasi natijalari, korrupsiyaga qarshi ekspertizasi va u bo‘yicha o‘tkazilgan jamoatchilik muhokamasi natijalarini taqdim etish talabi belgilanmoqda.
Shuningdek, qonunchilik tashabbusi huquqi sub’ektiga o‘zi kiritgan qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda qabul qilinguniga qadar Qonunchilik palatasiga taklif kiritish orqali uni chaqirib olish huquqini berish masalasi o‘z aksini topmoqda.
Fraksiya yig‘ilishida kun tartibiga kiritilgan shu va boshqa qonun loyihalari deputatlar tomonidan qizg‘in muhokama etilib, tegishli qarorlar qabul qilindi.
Muhtarama Komilova,
Doniyor Yoqubov, Ulug‘bek To‘xtayev (video), O‘zA