Yosh ixtirochilarga “inomarka” sovg‘a qilindi

Mehnatning mevasi…
Birlashgan Arab Amirliklari poytaxti Abu-Dabi shahrida “Zayed Sustainability Prize” tanlovida o‘z ixtirolari bilan g‘olib chiqqan Toshkent shahridagi Prezident maktabi o‘quvchilari Pahlavon G‘ulomov, Asilbek Ashrapov va ularning yutuqlariga sababchi – ustozi Sohibjon Azizov davlatimiz rahbarining e’tirofiga sazovor bo‘ldi. Ular mamlakatimiz yoshlarini muntazam qo‘llab-quvvatlash, iqtidorlarni munosib rag‘batlantirib borish chora-tadbirlari doirasida avtomobil bilan mukofotlandi.
Taqdirlash marosimida o‘quvchilar, ularning ota-onalari, ustozlariga minnatdorlik bildirildi.
Eslatib o‘tamiz, tanlovning “Global High schools” (Global maktablar) yo‘nalishida qatnashgan o‘zbekistonlik bu ikki nafar yosh iste’dod sohibi yomg‘ir suvini qayta ishlab, iste’mol uchun yaroqli holga keltirish loyihasi bilan g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.
Ularga mukofotni BAA Prezidenti Shayx Muhammad bin Zoid Ol Nahayon topshirdi.
Shuningdek, tantanali marosimda O‘zbekiston yetakchisi Shavkat Mirziyoyev ham ishtirok etdi va xalqaro tadbirda muvaffaqiyat qozongan yigitlarimizni qizg‘in tabrikladi.
Darvoqe, mazkur nufuzli tanlov orqali vakillarimiz tomonidan bugungi kunda butun dunyo bo‘ylab juda dolzarb sanalgan bir muammoga yechim taklif qilingan. Ya’ni, obi hayot tanqis hududlardagi foydalanilmayotgan yer maydonlarida yomg‘ir suvini to‘plash uchun yopiq hovuz (sisterna) joylashtirish hamda yig‘ilgan suvni tozalovchi uskunalar yordamida qayta ishlab, ichish va kundalik foydalanish uchun yaroqli holatga keltirish nazarda tutilgan.
Loyihani moliyalashtirish va g‘oyani hayotga tatbiq etish maqsadida 150 000 dollar sarmoya kiritiladi.
Taqdirlash marosimida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov va Prezident yordamchisi Saida Mirziyoyeva ishtirok etdi.
Musulmon Ziyo, Rustam Nazarmatov (surat), O‘zA