O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi tashkil etilganiga 33 yil to‘ldi

O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi 1992 yilning 21 yanvar kuni tashkil etilgan va 1993 yilning sentyabr oyida Xalqaro olimpiya qo‘mitasining 101-sessiyasida O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi XOQ tomonidan rasman tan olingan. Shundan so‘ng tashkilot xalqaro maydonda faoliyat olib borish imkoniyatiga ega bo‘lgan. Shu kundan e’tiboran O‘zbekiston muntazam ravishda yozgi va qishki Olimpiya o‘yinlarida qatnashib kelmoqda.

Milliy olimpiya qo‘mitasi mamlakatimizda sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish, olimpizmning pok va ezgu g‘oyalarini ilgari surish yo‘lida keng ko‘lamda ish olib bormoqda. Bundan tashqari, xalqaro aloqalarni mustahkamlab, nufuzli sport tashkilotlari bilan keng qamrovli hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan.

Shuni ta’kidlab o‘tish lozimki, O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi tashkil etilganidan buyon bugunga qadar sportchilarimiz 8 ta qishki – “Lillexammer-1994”, “Nagano-1998”, “Solt-Leyk-Siti-2002”, “Turin-2006”, “Vankuver-2010”, “Sochi-2014”, “Pxyonchxan-2018” va “Pekin-2022” Olimpiadalarida qatnashgan. Qishki Olimpiadalar tarixida terma jamoamiz a’zolari tomonidan 1 ta oltin medal qo‘lga kiritilgan. U ham bo‘lsa, 1994 yil Lina Cheryazova Norvegiyaning Lillexammer shahrida fristaylning akrobatika yo‘nalishi bo‘yicha qishki Olimpiya o‘yinlari shohsupasiga ko‘tarilgan. Ushbu medal mustaqil O‘zbekistonning Olimpiadalardagi ilk oltini sifatida tarixga kirgan.

O‘zbekiston delegatsiyasining yozgi Olimpiya o‘yinlaridagi ishtiroki doimo zafarli bo‘lgan. Jumladan, 1996 yil Atlantada o‘tgan yozgi Olimpiya o‘yinlarida sportchilarimiz bittadan kumush va bronza medali, 2000 yil Sidneyda bitta oltin, bitta kumush va ikkita bronza, 2004 yilgi Afina Olimpiadasida ikki nafar sportchimiz oltin, bir nafari kumush, uch nafari bronza, 2008 yilgi Pekin Olimpiadasida 1 oltin, 2 kumush, 3 bronza, 2012 yilgi London Olimpiadasida bitta oltin, ikkita bronza medalini qo‘lga kiritgan. “Rio – 2016”da 4 oltin, 2 kumush, 7 bronzaga sazovor bo‘lgan olimpiyachilarimiz Tokio Olimpiadasida 3 oltin va 2 bronza sohibi bo‘ldi. Bu galgi Olimpiya o‘yinlarida esa 8 ta oltin, 2 ta kumush va 3 bronza medaliga ega bo‘ldi.

Shuni ta’kidlashimiz lozimki, o‘tgan yil Parij shahrida o‘tkazilgan XXXIII yozgi Olimpiya o‘yinlarida Diyora Keldiyorova oltin medalni qo‘lga kiritib, dzyudo sporti tarixida yangi sahifa ochgani, taekvondo WT bo‘yicha ayollar o‘rtasida Svetlana Osipova kumush medalga sazovor bo‘lishi, bokschilarimiz Bahodir Jalolov, Hasanboy Do‘smatov, taekvondochimiz Ulug‘bek Rashitov faoliyatida ikkinchi marotaba Olimpiada chempionligi shohsupasiga ko‘tarilishi mamlakatimiz sportining yangi zarvarag‘i bitilishini ta’minladi.

Ha, qisqa qilib aytganda O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi tomonidan sportni yanada ommalashtirish va yoshlarimizning Olimpiya o‘yinlari dasturidan joy olgan sport turlariga bo‘lgan qiziqishlarini oshirish, ushbu sport turlari bilan shug‘ullanishlari uchun barcha imkoniyatlar yaratilmoqda. Umid qilamizki, bu kabi samarali ishlar natijasida to‘rt yillikning eng nufuzli musobaqalarida g‘alabalarimiz soni bugungidan ko‘ra ko‘payadi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA