Eng kuchli bokschilar Toshkentda aniqlanadi

Poytaxtimizdagi Respublika Olimpiya va Paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazida boks bo‘yicha kattalar o‘rtasidagi O‘zbekiston chempionati bo‘lib o‘tadi.
Milliy olimpiya qo‘mitasida “Battles of the champions” nomi ostida o‘tkaziladigan mazkur musobaqa oldidan matbuot anjumani tashkil etildi. Unda federatsiya bosh kotibi Shohid Tillaboyev, terma jamoa bosh murabbiyi To‘lqin Qilichev hamda ayollar jamoasi murabbiyi Elshod Rasulov ishtirok etdi.
Dastavval, Sh.Tillaboyev musobaqa haqida batafsil ma’lumot berib o‘tdi. Unga ko‘ra, mazkur chempionat 2024 yil hisobidan o‘tkazilmoqda. Mutaxassis buni 2024 yilda ko‘proq e’tibor Olimpiya o‘yinlariga puxta hozirlik ko‘rishga qaratilgani, yil yakunida esa kattalar o‘rtasidagi Osiyo chempionati tashkil etilgani bois asosiy va zaxira tarkib bilan mazkur qit’a birinchiligiga tayyorgarlik ko‘rilgani bilan ifodaladi.
Shuningdek, u tarkibning IBA va World Boxing shafe’ligidagi musobaqalarga bo‘linishi haqidagi masalaga ham oydinlik kiritib o‘tdi. Unga ko‘ra, Xalqaro olimpiya qo‘mitasi tomonidan IBA tasnifidagi turnirlarda qatnashmaslik bo‘yicha rasmiy taqiq qo‘yilmagani bois bokschilarimiz hozircha har ikki tashkilot tomonidan o‘tkaziladigan musobaqalarda ishtirok etishlari mumkin.
Terma jamoa bosh murabbiyi bu gal “Parij-2024” chempionlari Respublika birinchiligida jang qilmasligi, shunday bo‘lsa ham ichki raqobat juda kuchli ekani, har bir bahs shiddatli va murosasiz ruhda o‘tishi haqida to‘xtalib o‘tdi. O‘z navbatida, Elshod Rasulov musobaqada qatnashuvchi bokschi qizlar soni har yilgidan sezilarli darajada oshganini ta’kidladi.
Anjuman davomida OAV vakillari o‘zlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javob oldi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA