Yevropaning eng kuchli chempionatlarida vaziyat qanday?

168

Futbol dunyoda eng ko‘p muxlislarga ega bo‘lgan sport turlaridan biri ekani sir emas. Ayniqsa, Yevropa mamlakatlarining ichki chempionatlariga futbol muxlislarining qiziqishi katta. Ushbu chempionatlardagi har bir uchrashuv murosasiz va qiziqarli o‘tadi.

O‘tgan hafta yakunida Yevropaning top-5 chempionatlarida bir qator qiziqarli bahslar bo‘lib o‘tdi. Jumladan, Ispaniya La Ligasining 20-turidan o‘rin olgan “Real Madrid” va “Las-Palmas” bahsida 4:1 hisobi qayd etildi. “Leganes” esa “Atletiko Madrid”ni 1:0 hisobida taslim etgan bo‘lsa, “Barselona” safarda “Xetafe” bilan 1:1 hisobida durang qayd etdi.

Mazkur uchrashuvlar natijasiga ko‘ra, “Qirollik klubi” ochkolarini 46 taga yetkazib oldi va bu orqali “Atletiko Madrid”ni ikki ochko orta qoldirib, La liga peshqadamiga aylandi va “Barselona“ bilan oradagi farqni 7 taga yetkazdi. La Liganing 21-tur uchrashuvlari 25-28 yanvar kunlari bo‘lib o‘tadi.

Angliya Premer ligasining navbatdagi tur uchrashuvlari ham qiziqarli bahslarga boy o‘tdi. APLning 22-turida “Arsenal” o‘z maydonida “Aston Villa” bilan jangovar 2:2 hisobida durang qayd etdi.

“Nottingem Forest” esa o‘z maydonida “Sautgempton” ustidan 3:2 hisobida g‘alaba qozongan bo‘lsa, “Brentford” maydoniga safar qilgan “Liverpul” 0:2 hisobidagi g‘alaba bilan qaytdi. O‘zbek futbol muxlislarining sevimli klubiga aylanayotgan “Manchester Siti” esa “Ipsvich Taun” darvozasiga oltita javobsiz gol urib, muhim uch ochkoga ega bo‘ldi va 38 ochko to‘plagan holda 4-pog‘onaga ko‘tarildi.

Mazkur natijadan so‘ng “Liverpul” 21 uchrashuvda 50 ochko bilan karvonboshilik qilishda davom etayotgan bo‘lsa, “Arsenal” va “Nottingem Forest” 22 ta uchrashuvda bir xil 44 ochko jamg‘arib, gollar nisbatga ko‘ra, 2-3-o‘rindan joy oldi. 23-tur o‘yinlari 25-27 yanvar kunlari o‘tkaziladi.

Italiya “A” seriyasining 21-turi doirasidagi “Atalanta” — “Napoli” o‘yini keskin va murosasiz o‘tdi. Unda “Napoli” safarda o‘ynaganiga qaramasdan 3:2 hisobida zafar quchdi. “Napoli” 50 ochko to‘plagan holda turnir jadvalida birinchi o‘rinda bormoqda. “Atalanta” esa 43 ochko bilan uchinchi pog‘onada qoldi. “Inter” esa “Empoli”ni 3:1 hisobida taslim qildi va 47 ochko bilan ikkinchi o‘rindan joy oldi.

Germaniya Bundesligasida kutilganidek, 18-tur yakuniga ko‘ra Bavariya 45 ochko bilan peshqadamlik qilmoqda. Amaldagi chempion “Bayer” esa 41 ochkoni qo‘lga kiritib, ikkinchi o‘ringa ko‘tarilgan bo‘lsa, “Ayntraxt F” jamoasi 36 ochko evaziga kuchli uchlikka joylashdi.

Abduqodir Husanovsiz qolgan “Lans” Fransiya Liga 1 chempionatida “PSJ”ga 1:2 hisobida imkoniyatni boy berdi. Bu g‘alaba evaziga “PSJ” 46 ochko bilan yetakchilikni mustahkamladi. Shuningdek, tur yakunlariga ko‘ra “Marsel” 37, “Lill” esa 32 ochko bilan 2-3 o‘ringa joylashdi.

Shu tariqa, Yevropaning top-5 chempionatlarida favoritlar muhim natijalarni qo‘lga kiritib, Yevropa chempionlar ligasining navbatdagi turiga yo‘l oldi.

Javohir Toshxo‘jayev,  

O‘zA