
O‘zbekiston delegatsiyasi Avstriyaning Vena shahrida har yili yanvar oyida o‘tkaziladigan va jahon turizmining barcha zamonaviy tendensiyalarini o‘zida aks ettiradigan eng yirik xalqaro sayyohlik tadbirlaridan biri – “Ferien Messe Wien” sayyohlik ko‘rgazmasida ishtirok etmoqda.
Ta’kidlash lozimki, “Ferien Messe Wien” dam olish va sayohat uchun xalqaro tadbir bo‘lib, Avstriyadagi yetakchi turizm ko‘rgazmasi hisoblanadi.

Ko‘rgazmada dunyoning 80 mamlakatidan 800 dan ortiq sayyohlik biznesi vakillari qatnashmoqda. Joriy yilda O‘zbekiston delegatsiyasi ham ushbu xalqaro tadbirda milliy stend bilan ishtirok etmoqda. Ko‘rgazma ishtirokchilari va mehmonlariga mamlakatimiz an’analari, urf-odatlari va boy madaniyati bilan yaqindan tanishish imkoniyati taqdim etildi. Ko‘rgazmada O‘zbekistonning ishtiroki Turizm qo‘mitasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasining Venadagi elchixonasi ko‘magida tashkil etildi.

Milliy stendda O‘zbekiston delegatsiyasi nomidan Turizm qo‘mitasi xodimlari, “Rocket Uzbekistan”, “Sonder Voyage”, “Global Tour” kabi mahalliy sayyohlik kompaniyalari qatnashmoqda. Bundan tashqari, O‘zbekiston delegatsiyasi xorijiy hamkorlar bilan O‘zbekistonning turizm salohiyatini xorijda ommalashtirish va mamlakatimizga sayyohlar oqimini ko‘paytirish maqsadida turizm sohasidagi hamkorlik istiqbollarini muhokama qilish uchun qator uchrashuvlar o‘tkazmoqda.
Ko‘rgazma doirasida tashrif buyuruvchilarga mamlakatning rang-barang madaniy urf-odatlari va noyob an’analarini namoyish etish ko‘zda tutilgan.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA