Tramp Ukrainadagi ziddiyatga barham bera oladimi?

AQSHning saylangan prezidenti Donald Trampning davlat rahbarligiga kirishishi munosabati bilan tantanali marosim bo‘lib o‘tadi. Ushbu tadbir oldidan jurnalistlar uning Ukrainadagi mojaro bo‘yicha qilgan bayonotlarida sezilarli darajada o‘zgarishlar yuz berganiga e’tibor qaratmoqda.
– Oq uyning bo‘lajak yetakchisi saylov kampaniyasi payti Ukrainadagi nizoni 24 soat ichida hal qilish haqidagi balandparvoz va’dalarni bergandi. Keyinchalik, u saylovda g‘alaba qozonganidan keyin bu masala bo‘yicha anchayin ehtiyotkorona bayonotlar bera boshladi, –deb yozmoqda “RIA Novosti” inauguratsiya arafasida.
“Ambitsiya davri”dan haqiqat bilan yuzma-yuz kelgunga qadar
Ma’lumki, Tramp o‘zining saylov kampaniyasi davrida Ukrainadagi mojaroni eng qisqa vaqt ichida hal qilish qobiliyatini ta’kidlab keldi.
– Men 24 soat ichida kelishuvga erishgan bo‘lardim, -degandi u 2024 yil iyul oyida “Fox News” telekanaliga bergan intervyusida.
Qiziq jihati, kelishuv jarayonini inauguratsiyadan oldin boshlashi mumkinligini aytgan Tramp saylovdan keyin bayonot berishda yanada ehtiyotkor bo‘lib qolganini ko‘rish mumkin.

Va’dalar, hoxishlar boshqa narsa-yu, ularni hayotga joriy qilish butunlay boshqa narsa ekanini keyingi jarayonlar yana bir bor eslatmoqda. Muammoga yanada jiddiyroq yondoshish, ya’ni pragmatizm va muloqotlarga urg‘u berish zarurligini anglab yetgan Tramp saylovdan keyin muzokaralar va diplomatiya zarurligini tobora ko‘proq ta’kidlay boshladi.
– Men bu masalani muzokaralar yo‘li bilan hal qilmoqchiman, -dedi u o‘tgan yil dekabrida Pensilvaniyada bo‘lib o‘tgan uchrashuvda.
Joriy yil yanvar oyida Tramp Moskva bilan muloqotga tayyorligini tasdiqladi.
– RF rahbari men bilan uchrashmoqchi, biz buni tashkil qilyapmiz, -dedi Tramp jurnalistlarga.
Yana bir jihat shundaki, Tramp har doim urushni to‘xtata olishini ta’kidlab keladi, lekin bu muammoni qaysi yo‘l bilan uddalashi haqida lom-mim demaydi.
– Muzokarachi sifatida men juda yaxshi rejadan boshlayman, ammo tafsilotlarni oshkor qila boshlasam, bu reja deyarli barcha qiymatini yo‘qotadi, -dedi u “Time” jurnaliga bergan intervyusida.
Kremlning Tramp bayonotlariga munosabati
Rossiya rahbariyati tabiiyki Tramp va uning jamoasi berayotgan bayonotlarni diqqat bilan kuzatib kelmoqda, lekin uzil-kesil baho berishga shoshilmayapti. Masalan, Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov AQSH siyosatidagi ehtimoliy o‘zgarishlar haqida xulosa chiqarishga hali erta ekanini ta’kidlaydi.
– Bu haqda rasmiy tayinlovlar amalga oshirilganidan keyingina gapirish mumkin bo‘ladi, -dedi u jurnalistlarga.

Xulosa qilib aytganda, Trampning keyingi berayotgan bayonotlari bir qadar o‘zgarishlarni boshdan kechirdi. Vaziyat esa masalaga saylovoldi kampaniyasidagi ambitsiyali va’dalardan realroq yondashuvga o‘tishni taqoza etmoqda. Zero, tomonlarning muzokaralarga tayyorligi haqidagi bayonotlariga qaramay, mojaroni hal qilish AQSH yetakchisi o‘ylaganidan ko‘ra anchayin murakkab ekanini hayotning o‘zi ko‘rsatmoqda.
Shunga qaramay, Donald Tramp Rossiya – Ukraina nizosiga barham berish rejasidan voz kechmasligini har chiqishida eslatib turibdi.
– Ukrainadagi ziddiyatni, Yaqin Sharqdagi tartibsizlikni to‘xtataman va shu bilan uchinchi jahon urushining oldini olgan bo‘laman, -dedi u.
S.Rahimov, O‘zA