Oliy Majlis Senatining uchinchi yalpi majlisini chaqirish yuzasidan qaror qabul qilindi

501

20 yanvar kuni Oliy Majlis Senati Kengashining majlisi bo‘lib o‘tdi. Majlisni Senat Raisi Tanzila Norboyeva olib bordi.

Unda Senatning uchinchi yalpi majlisini 2025 yil 23 yanvar kuni chaqirish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.

Ta’kidlanganidek, videokonferensaloqa tizimidan foydalangan holda o‘tkaziladigan yalpi majlisda qator qonunlarni muhokama qilish nazarda tutilgan.

Xususan, “Investitsiyalar va investitsiya faoliyati to‘g‘risida”gi, “Oziq-ovqat xavfsizligi to‘g‘risida”gi, “Mikromoliyalashtirish faoliyati takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi hamda “Banklardagi omonatlarni himoya qilish kafolatlari to‘g‘risida”gi qonunlar shular jumlasidandir.

Navbatdagi yalpi majlisda “Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi hamda “Davlat boji to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish haqida”gi qonunlar ham muhokama qilinadi.

Shuningdek, senatorlar jonli ijro san’atini yanada rivojlantirish, voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimini takomillashtirish, shaxsning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini yanada kuchaytirish hamda alkogol va tamaki bozorini tartibga solish tizimini takomillashtirishga qaratilgan bir qator qonunlarni ham ko‘rib chiqishni rejalashtirmoqda.

Bundan tashqari, “Ekologik ekspertiza, atrof-muhitga ta’sirni baholash va strategik ekologik baholash to‘g‘risida”gi, “O‘zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi, “O‘zbekiston Respublikasining “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan ekolog” faxriy unvonini ta’sis etish to‘g‘risida”gi, “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi hamda “O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini, chet el fuqarolarini hamda fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni yashash joyi va turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkazish to‘g‘risida”gi qonunlar ham yalpi majlis kun tartibidan o‘rin olgan.

Shu bilan birga “O‘zbekiston Respublikasi bilan Tojikiston Respublikasi o‘rtasida ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi Shartnomani (Dushanbe, 2024 yil 18 aprel) ratifikatsiya qilish haqida”gi, “Issiqxona gazlarining chiqarilishini cheklash to‘g‘risida”gi qonunlar hamda Oliy Majlis Senati Kengashining qarorlarini tasdiqlash to‘g‘risidagi masala ham ko‘rib chiqiladi.

O‘zA