Davlat dasturi loyihasi tibbiyot xodimlari muhokamasida

221

O‘zLiDeP Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi “Ayollar muammolarini o‘rganish va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash” bo‘limi tashabbusi bilan partiyaning Bo‘zatov tumani Kengashi tomonidan “Erkindaryo” ovul fuqarolar yig‘ini hududidagi tuman tibbiyot birlashmasiga qarashli “Aqeden” oilaviy shifokor punktida uchrashuv tashkil etildi.

“Sog‘lom oila – mustahkam oila” loyihasi doirasida o‘tkazilgan uchrashuvda partiya vakillari, tuman Kengashi deputatlari, tibbiyot sohasi xodimlari ishtirok etdi.

Dastavval, “Temir daftar” va “Ayollar daftari” ro‘yxatida turgan, ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga muhtoj xotin-qizlarning yashash sharoitlarini yaxshilash yuzasidan amalga oshirilgan ishlar hamda kelgusida bajarilishi lozim bo‘lgan vazifalar haqida so‘z yuritildi. Shuningdek, tibbiyot sohasi xodimlariga davlatimiz rahbarining “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha Davlat dasturi va uni tasdiqlash to‘g‘risidagi farmoni loyihasining mazmun-mohiyati to‘g‘risida batafsil tushuncha berildi.

Davlat dasturi loyihasidagi tibbiyotning birlamchi bo‘g‘inida oilaviy poliklinikalar, oilaviy shifokorlik punktlari va mahalla tibbiyot punktlarida aholiga birlamchi tibbiy-sanitariya yordamini ko‘rsatishning samarali tizimini joriy etish, onalar va bolalar o‘limini qisqartirish, sog‘lom bolalikni ta’minlash, aholini onkologik kasalliklar bo‘yicha skrining tekshiruvlaridan o‘tkazish, shuningdek, xotin-qizlar bandligini ta’minlashga ko‘maklashish hamda ular o‘rtasida tadbirkorlikni rivojlantirish kabi bir qator ustuvor g‘oyalar tibbiyot xodimlari tomonidan e’tirof etildi. Ishtirokchilar Davlat dasturini yanada takomillashtirish borasida o‘zlarining fikr-mulohazalari va takliflarini bildirdi.

Tadbir yakunida hududdagi “Temir daftar”ga kiritilgan, “Ayollar daftari” ro‘yxatida turuvchi xotin-qizlar uchun bepul tibbiy ko‘rik tashkil etildi.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri