Amaliyot muvaffaqiyatli o‘tdi

230

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qo‘ng‘irot tuman tibbiyot birlashmasida tajribali shifokorlar tomonidan ilk marta murakkab transplantatsiya jarrohlik amaliyoti o‘tkazildi.

Chimboy tumanida istiqomat qiluvchi fuqaro Gulzarxon Karamatdinova bir necha yildan beri buyrak yetishmovchiligi kasalligi bilan davolanib kelayotgan edi. Bemorning donori, onasi Sveta Tureyeva o‘z xohishi bilan bir buyragini beradigan bo‘ldi.

Jarrohlik amaliyoti uchun ushbu ikki nafar fuqaro akademik V.Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazidan barcha tibbiy tekshiruvdan o‘tkazildi va xulosa berildi. Uni mahalliy va Toshkent shahridan kelgan xirurg shifokorlar amalga oshirdi va samarali yakunladi. Hozirda bemorlarning ahvoli yaxshi.

Jarrohlik amaliyoti uchun zarur mablag‘ davlat tomonidan qoplab berildi.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri