Nukusga yangi avtobuslar olib kelindi

282

Yurtimizda barcha sohalar qatori transport tizimida ham ko‘plab yangilanishlar yuz berib, aholiga xizmat ko‘rsatish sifatini yaxshilash bo‘yicha qator ishlar amalga oshirilmoqda.

Ushbu ishlarning davomi sifatida Nukus shahriga “Sapsan Trans Nukus” mas’uliyati cheklangan jamiyat tomonidan qariyb 11 milliard so‘mlik mablag‘ evaziga lizing asosida Xitoy davlatidan 12 dona zamonaviy avtobus olib kelinib, foydalanishga topshirildi.

Ta’kidlanganidek, Prezidentimizning 2023 yil 16 fevraldagi “Jamoat transporti tizimini isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan yangi avtobuslar xarid qilish, Toshkent, Nukus shahri va viloyat markazlaridagi shaharlarda avtobus yo‘nalishlarining yangi tarmog‘ini joriy etish, avtomatlashtirilgan to‘lov tizimi va dispetcherlik xizmatini bosqichma-bosqich yo‘lga qo‘yish belgilangan.

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan o‘tgan yilda jamoat transportini mukammal yangilash yuzasidan amalga oshirilgan loyihalar natijasida xarid qilingan zamonaviy avtobuslar yo‘lovchilar uchun barcha qulayliklarga ega, ayniqsa, imkoniyati cheklangan aholi uchun moslashgan bo‘lib, fuqarolarga sifatli xizmat ko‘rsatib kelmoqda. Shuningdek, brutto-shartnoma tizimi asosida yangi yo‘nalishlar tarmog‘i elektron tender tanlovlari o‘tkazilib, ushbu tizimida xizmat ko‘rsatish uchun tender g‘olibi bilan shartnomalar tuzildi.

Shu asosda, Nukus shahrida jami 15 ta avtobus yo‘nalishi tashkil etilib, ushbu yo‘nalishlarga 188 ta avtobus olib kelish rejalashtirilgan. Bugungi foydalanishga topshirilgan yangi avtobuslar bu boradagi yangi yo‘nalishlarning dastlabkisi hisoblanadi.

Albatta, yangi avtobuslar olib kelinishi jamoat transporti jozibadorligini yanada oshirishda, xizmatlar sifatini yaxshilashda muhim ahamiyat kasb etadi.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri