Davlat boshqaruvida raqamli texnologiyalar va sun’iy intellekt imkoniyatlari
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasida “Davlat boshqaruvida raqamli texnologiyalar va sun’iy intellekt“ mavzusida xalqaro seminar tashkil etildi.
Tadbirda Koreya Respublikasidan tashrif buyurgan hamkorlar va davlat boshqaruvidagi ilg‘or amaliyotlarga qiziqish bildirgan xalqaro ekspertlar ishtirok etdi.

Seminarning asosiy maqsadi – davlat boshqaruvini yanada samaraliroq qilish maqsadida raqamli texnologiyalar va sun’iy intellektdan foydalanish tajribalarini o‘rganish va ularni amaliyotga joriy etishdir.
Xalqaro seminarda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida olib borilayotgan islohotlar doirasida raqamli texnologiyalarga bo‘lgan e’tibor kundan-kunga ortib borayotgani ta’kidlandi.

Seminar davomida sun’iy intellektning davlat boshqaruvida qo‘llanilishi va qaror qabul qilish jarayonlarini optimallashtirish imkoniyatlari, aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash tizimlarini takomillashtirishda raqamli yondashuvlar, Koreya davlat sektoridagi ilg‘or tajribalar bilan tanishish, axborot xavfsizligi va ma’lumotlarni himoya qilish sohasidagi eng yangi yechimlarga e’tibor qaratildi.
Ishtirokchilar davlat boshqaruvidagi raqamli transformatsiya iqtisodiy-ijtimoiy rivojlanish uchun yangi imkoniyatlarni ochishini ta’kidladi. Shu bilan birga, texnologiyalarni joriy etishda ijtimoiy va etik jihatlarni hisobga olish zarurligi ta’kidlandi.
Seminar xalqaro hamkorlikni yanada kuchaytirish va davlat boshqaruvida innovatsion yondashuvlarni rivojlantirish uchun muhim platforma bo‘ldi. Davlat boshqaruvi akademiyasi ushbu yo‘nalishdagi faoliyatini yanada kengaytirishga va kelajakdagi tadbirlar orqali ilg‘or g‘oyalarni targ‘ib qilishga sodiq ekanini bildirdi.
N.Abduraimova, O‘zA