O‘zbekiston – YUNESKO: madaniyat va ilm-fan yo‘lidagi hamkorlik mustahkamlanmoqda

234

YUNESKOning Parijdagi bosh qarorgohida Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi raisi Gayane Umerovaning YUNESKO bosh direktori o‘rinbosari Gabriela Ramos bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuv davomida Abu Rayhon Beruniy nomidagi YUNESKO – O‘zbekiston xalqaro mukofoti faoliyatini yo‘lga qo‘yish va ilk taqdirlash marosimini YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi doirasida Samarqandda o‘tkazish masalalari muhokama qilindi.

Shuningdek, YUNESKOning gender tenglik masalalari bo‘yicha direktori Begoniya Lasagabaster bilan o‘tkazilgan ishchi uchrashuvlarda xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash sohasidagi hamkorlikni mustahkamlash, ularning madaniyat, ta’lim va ijtimoiy tashabbuslardagi ishtiroki kabi dolzarb masalalar muhokama qilindi.

“O‘zbekiston-2030” strategiyasi doirasida madaniyat, san’at va raqamli texnologiyalar sohalarida xotin-qizlarning roli haqidagi tashabbuslar taqdim etildi. Kreativ soha tarmoqlarida ayollar yetakchiligini rivojlantirish, ularning raqamli muhitdagi ishtiroki, shuningdek, madaniyat sohasida kasbiy kamolotga yetishlari uchun shart-sharoitlar yaratish yuzasidan loyihalar to‘g‘risida so‘z yuritildi.

O‘zbekiston sun’iy idrok texnologiyalariga tayyorligi to‘g‘risidagi YUNESKO hisoboti, mamlakatimizning YUNESKO Yoshlar anjumanidagi ishtiroki va YUNESKOning bosh qarorgohida “O‘zbekiston – Buyuk Ipak yo‘li chorrahasida” ko‘rgazmasini tashkil etish tashabbuslariga alohida e’tibor qaratildi.

N.Ziyodullayeva,

O‘zA