Sharq matbuoti: O‘zbekiston va BAA o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlikning yangi davri

187

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Birlashgan Arab Amirliklari Prezidenti Shayx Muhammad bin Zoid Ol Nahayonning taklifiga binoan ushbu mamlakatga rasmiy tashrifini Ko‘rfaz davlatlari nashrlari  muntazam yoritdi. Xususan, Saudiya Arabistoni Podshohligining SPA axborot agentligi, “An-Nahor” nashri, Misr Arab Respublikasining “Ehrom darvozasi”, “Misr bugun” saytlari, Birlashgan Arab Amirliklarining WAM axborot agentligi, “Al-Ittihod”, “Al-Vatan”, “Al-Xalij”, “Sharja24” kabi qator nashlari ikki davlat rahbarlari o‘zaro do‘stlik va ko‘p qirrali hamkorlikni, jumladan, siyosat, savdo-iqtisodiyot, investitsiya, innovatsiya, madaniy-gumanitar sohalarda rivojlantirishga oid muhim masalalarni muhokama qilganiga e’tibor qaratdi.

Maqolalarda BAA va O‘zbekiston yetakchilari o‘zaro sheriklikni chuqurlashtirishga xizmat qiladigan jihatlarni muhokama qilgani, shuningdek umumiy manfaatlarga javob beradigan qator mavzular yuzasidan fikr almashgani, suhbat chog‘ida ikki mamlakatning barqaror iqtisodiy rivojlanishga erishish yo‘lidagi qarashlariga hamohang qayta tiklanadigan energiya, atrof-muhitni muhofaza qilish masalalari, iqtisodiy, savdo va sarmoyaviy sohalarda hamkorlik ufqini kengaytirishning istiqbolli imkoniyatlari ko‘rib chiqilgani ta’kidlangan.

Nashrlar davlatimiz rahbarining Abu-Dabida Vitse-prezident Shayx Mansur Ol Nahayon, Dubay shahrida Vitse-prezident, Bosh vazir Shayx Muhammad bin Roshid Ol Maktum bilan samarali muzokara o‘tkazganiga ham urg‘u bergan.

Siyosiy aloqalarni yanada mustahkamlash maqsadida tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasidagi muloqotni yanada rivojlantirish muhimligi, iqtisodiy hamkorlikning yangi modeli, jumladan sun’iy intellekt, raqamlashtirish, “yashil” energetika, shaharsozlik va infratuzilma, turizm, xususiy biznes kabi 6 ta asosiy yo‘nalish belgilab olingani, har bir ustuvor soha bo‘yicha alohida ishchi guruhlar tashkil etishga kelishilgani qayd etilgan. Tomonlar 2025-2027 yillarni “O‘zbekiston va BAA o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlikning yangi davri” deb e’lon qilish taklifini qo‘llab-quvvatlagani e’tirof etilgan.

Shu ma’noda, 2030 yilga qadar o‘zaro savdo hajmini 10 barobarga ko‘paytirish va investitsiya portfelini 50 milliard dollarga yetkazishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish asosiy vazifa etib belgilangani diqqatga sazovor.

O‘zbekiston yetakchisining BAAga rasmiy tashrifi tafsilotlarini yoritishda Ko‘rfaz Arab davlatlari jurnalistlari tomonidan Prezident Shavkat Mirziyoyevning Abu-Dabi barqaror rivojlanish haftaligi doirasida ham qator muhim uchrashuvlar o‘tkazgani, muloqotlar davomida yurtimiz uchun ahamiyatli muhim hujjatlar imzolangani, маданий-gumanitar almashinuv ko‘lamini oshirishga ham alohida e’tibor qaratilgani ta’kidlangan.

So‘nggi yillarda tovar ayirboshlash va o‘zaro investitsiya hajmi, qo‘shma korxonalar soni bir necha barobar oshgani, to‘g‘ridan-to‘g‘ri havo qatnovi ko‘payib, vizasiz tartib joriy qilingani ham nazardan chetda qolmagan.

Muharrama Pirmatova, O‘zA