Mahsulot yetishtirish hajmi ortadi

187

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ellikqal’a tumanidagi “Aqchako‘l” ovul fuqarolar yig‘ini hududidagi “Aqchako‘lchi Reyimbergan” fermer xo‘jaligida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 30 dekabrdagi “Qishloq xo‘jaligi maydonlaridagi qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalangan holda mahsulot yetishtirishni ko‘paytirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori mazmun-mohiyati va ijrosiga bag‘ishlangan ko‘rgazmali seminar o‘tkazildi.

Seminarda O‘zbekiston Respublikasi O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi direktori I.Ergashev, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi o‘rinbosari Sh.Teshayev, Qoraqalpog‘iston Respublikasi O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi boshlig‘i R.Sherbayev, qishloq xo‘jaligiga tegishli tashkilotlar va fermer xo‘jalik rahbarlari qatnashdi.

Ta’kidlanganidek, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalarining dala chetlari hamda kanallar, sug‘orish va kollektor-drenaj tarmoqlari atrofidagi maydonlarda hamda aholi tomorqasi, xonadonlar va ko‘p qavatli uylar oldi, mahallaning ichki ko‘chalarida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirilishini samarali tashkil qilish va ko‘paytirish orqali mamlakatning eksport ko‘rsatkichlarini oshirishda mazkur qaror muhim ahamiyat kasb etadi.

Dalalar chetlaridan samarali foydalanayotgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash uchun ichki fitosanitar sertifikati bepul beriladi. Shuningdek, yetishtirilgan mahsulotni eksportga yuborish vazifalari yuklanadi. Agrosanoatni rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash davlat maqsadli jamg‘armasi tomonidan dalalar chetlariga “in-vitro” usulida ekilgan mevali ko‘chatlar payvandtaglarini xarid qilish xarajatlarining 50 foizi miqdorida, biroq har bir mevali ko‘chat payvandtagi uchun 25 ming so‘mdan oshmagan miqdorda subsidiya ajratiladi.

Mazkur qaror bilan O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi direktori boshchiligida dala chetlari, kanallar, sug‘orish va kollektor-drenaj tarmoqlarining atroflaridagi maydonlarda, aholi tomorqasi, xonadonlar va ko‘p qavatli uylar oldi hamda mahallaning ichki ko‘chalarida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirilishini tashkil qilishni muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika ishchi guruhi tashkil etildi.

Ellikqal’a tumani bo‘yicha dala chetlari, kanallar, sug‘orish va kollektor-drenaj tarmoqlarining atroflaridagi maydonlarda, aholi tomorqasi, xonadonlar va ko‘p qavatli uylar oldi hamda mahallaning ichki ko‘chalaridagi yer maydonlari o‘rganilib, aniq o‘lchamlari tasdiqlanadi. Tumanda 2025 yilda dala chetlaridagi maydonlarga, kanallar, sug‘orish va kollektor-drenaj tarmoqlari atrofidagi maydonlarga eksportbop ekinlar, mevali daraxtlardan olcha, olxo‘ri, behi, uzum, bodom, chilon jiyda, tut singari ko‘chatlarni ekish belgilandi.

Shu mavzudagi ko‘rgazmali seminar Orolbo‘yining boshqa tumanlarida ham bo‘lib o‘tmoqda.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri