Ravon yo‘llar Yevropaga eltadi

137

Xalqaro ahamiyatga ega A-380 “G‘uzor-Buxoro-Nukus-Beyneu” avtomobil yo‘lining Amudaryo tumani hududidan o‘tuvchi 723-738 kilometr qismi rekonstruksiya qilinib, foydalanishga topshirildi.

Shu munosabat bilan o‘tkazilgan tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi Amanbay Orinbayev ishtirok etib, yig‘ilganlarni xalqaro ahamiyatga ega avtomobil yo‘lining foydalanishga topshirilishi bilan qutladi.

Ta’kidlanganidek so‘nggi yillari davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan xalqaro talablarga javob beradigan avtomobil yo‘llarini qurish va rekonstruksiya qilish, avtomobil yo‘llari tarmog‘ini kengaytirish hamda rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. O‘tgan yilning fevral oyida Amudaryo ustida Qoraqalpog‘iston bilan Xorazmni bog‘laydigan yangi ko‘prik ochilishi, oktyabr oyida Qo‘ng‘irot – Beyneu avtomobil yo‘lining yangidan qurilgan 240 kilometr qismining foydalanishga topshirilishi buning yaqqol isbotidir. Bu yo‘l mamlakatimizni Yevropa davlatlari bilan bog‘laydigan strategik avtomagistral hisoblanadi.

Tadbir yakunida yo‘l xo‘jaligi sohasi xodimlariga yangi yuk avtotransportlari va maxsus texnikalar topshirildi.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri