Yuksak g‘urur va sadoqat timsoli (+video)

Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat akademik musiqa teatrida O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganligining 33 yilligi hamda Vatan himoyachilari kuniga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.
Dastlab O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston Respublikalari davlat madhiyalari yangradi. Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi A.Orinboyev so‘zga chiqib, barchani Vatan himoyachilari kuni hamda O‘zbekiston Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 33 yilligi bilan muborakbod etdi.
Ta’kidlanganidek, bu yilgi bayram tadbirlari “Yangi O‘zbekiston armiyasi – mamlakat tayanchi, yuksak g‘urur va sadoqat timsoli!” shiori ostida butun mamlakatimiz bo‘ylab ko‘tarinki ruhda nishonlanmoqda. Darhaqiqat, yurtimiz taraqqiyoti va xalqimiz farovon hayotini ta’minlashda tinchlik va barqarorlikning tutgan o‘rnini hech narsa bilan qiyoslab bo‘lmaydi.
So‘nggi yillarda mamlakatimiz har tomonlama taraqqiyotga mustahkam poydevor bo‘ladigan qudratli Armiyamiz shakllandi va u askarlarimizning jangovar tayyorgarligi, tafakkuri va jismoniy tayyorgarligi, ularning yuksak bilimi, zamonaviy texnika vositalarini puxta o‘zlashtirishi bilan ajralib, ko‘pmillatli xalqimizning ishonchli qo‘rg‘oniga aylanmoqda.
Albatta, bunday ishonchli armiyani shakllantirishda harbiy sohani isloh qilish va modernizatsiyalash bo‘yicha chuqur o‘ylangan chora-tadbirlar amalga oshirilayotgani muhim o‘rin egallaydi. Chunki jahonda yangilanayotgan O‘zbekiston sifatida tan olinayotgan mamlakatimizda Qurolli Kuchlarimizning salohiyati, qo‘shinlarning jangovar tayyorgarligi va qobiliyati yildan-yilga ortib borayotgani, ularni zamonaviy qurol-yarog‘ va harbiy texnikalar bilan ta’minlash tizimi yo‘lga qo‘yilgani, eng muhimi, yoshlarimizni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash masalasiga alohida e’tibor qaratilayotgani, bularning barchasi milliy armiyamiz qudratining tobora mustahkamlanib borayotganining muhim omili hisoblanadi.
Shuni ham unutmasligimiz kerakki, milliy armiyamiz qudratiga kuch qo‘shadigan askarlarimizning ma’naviy tayyorgarligi ularga yaratib berilayotgan sharoitlar bilan chambarchas bog‘liq. Aynan shu maqsadda so‘nggi yillarda mamlakatimizda harbiy xizmatchilarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash masalasi davlat siyosati darajasiga ko‘tarilib bormoqda. Buning amaliy ifodasi sifatida o‘tgan yili harbiy-ma’muriy sektor faoliyatini rivojlantirish maqsadida mahalliy byudjetdan 63 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ ajratilgani so‘zimizga misol bo‘ladi.
Shuningdek, yakunlangan yilda harbiy xizmatchilar uchun yangi qurib bitkazilgan uylardan 60 ta xonadon topshirilgan bo‘lsa, 7 milliard so‘m mablag‘ evaziga Mudofaa ishlari boshqarmasining ma’muriy binosi yangidan qurib bitkazildi. Bundan tashqari, 25 milliard so‘m mablag‘ evaziga qurib bitkazilgan 75 xonadonli, 5 qavatli uyni ham yaqin kunlarda o‘z egalariga topshirish rejalashtirilmoqda.
Bayram munosabati bilan bir guruh harbiy xizmatchilar, huquq-tartibot idoralari xodimlari ko‘krak nishonlari bilan taqdirlandi.
San’at ustalarining konsert dasturi ishtirokchilarga namoyish etildi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat, video), O‘zA