Futzal: Osiyo chempionatiga qaysi jamoalar yo‘l oldi?

Futzal bo‘yicha ayollar o‘rtasidagi Osiyo chempionati saralash bosqichi bahslari o‘z yakuniga yetdi.
Mazkur saralashning Tailand mezbonligida o‘tgan “A” guruhi bahslarida mezbonlar 12 ochko bilan peshqadamga aylandi. Bahrayn esa 7 ochko bilan ikkinchi o‘rindan joy olgan bo‘lsa, Falastin va Iroq 4 ochko bilan 3-4 pog‘onada qoldi. Livan esa 1 ochko jamg‘arib, so‘nggi o‘rinda qayd etildi.

“B” guruhi uchrashuvlari esa Indoneziyada o‘tdi. Unda kutilganidek Indoneziya 9 ochko bilan birinchi o‘rinda saralash bahslarini yakunladi. Hongkong esa 6 ochko bilan ikkinchi bo‘ldi. Qirg‘iziston termasi 3 ochko evaziga kuchli uchlikdan o‘rin egalladi. Hindiston barcha uchrashuvlarda mag‘lub bo‘ldi. Guruhdan joy olgan Pokiston termasi saralash bellashuvlarida ishtirok etmaslikka qaror qildi.
Saralash bahslarining biz uchun ahamiyatlisi “S” guruhida o‘tkazilgan uchrashuvlar bo‘ldi. Ushbu guruhdagi o‘yinlarga Toshkent shahridagi “Yunusobod“ sport majmuasi mezbonlik qildi. Unda Avstraliya terma jamoasi 12 ochko jamg‘arib, birinchi o‘rinni egalladi.

Farrux Zokirov boshchiligidagi futzalchilarimiz esa 7 ochko to‘plagan holda ikkinchi o‘ringa joylashdi. Filippin esa 7 ochko jamg‘argan bo‘lsada, gollar nisbatiga ko‘ra uchinchi o‘rinda qoldi. Turkmaniston 3 ochko bilan, Quvayt esa ochkosiz 4-5-pog‘onalarda qayd etildi.
Saralash bellashuvlarining “D” guruhida to‘rt terma jamoa o‘zaro raqobatlashdi. Ushbu uchrashuvlar Myanma davlatida o‘tdi. Guruhda Vetnam va Xitoy Taypeyi terma jamoalari bir xil 7 ochko to‘pladi. Biroq vetnamlik futzalchilar gollar nisbatiga ko‘ra guruh yetakchisiga aylandi. Mezbonlar esa 3 ochko bilan uchinchi o‘rinda qoldi. Makao esa o‘z darvozasidan 51 marotaba to‘p olib chiqqan holda saralash bahslarida eng yomon natija qayd etdi.

Bu galgi saralash bahslarida hamyurtimiz Maftuna Shokirova 8 ta golga mualliflik qildi va to‘purarga aylandi. Uni avstraliyalik Nikita Fazzari, Hongkong terma jamoasi a’zosi Ki Vay Cheung va tailandlik Arriya Sayetoyen 5 ta gol bilan ta’qib etdi.
Shu tariqa, 2025 yilning 7–18 may kunlari Xitoyda futzal bo‘yicha Osiyo kubogi final bosqichida ishtirok etadigan barcha jamoalar nomi aniq bo‘ldi.
Aniqroq aytadigan bo‘lsak, qit’a birinchiligiga Xitoy mezbon sifatida, Eron amaldagi chempion, Yaponiya esa vitse-chempion bo‘lgani bois to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritdi.
Saralash bahslarida Tailand, Bahrayn, Indoneziya, Hongkong, Avstraliya, O‘zbekiston, Vetnam, Xitoy Taypeyi terma jamoalari guruh g‘olibi va ikkinchi o‘rin sohibi bo‘lgan holda Osiyo kubogida ishtirok etadigan bo‘ldi. Ushbu saralash bosqichida Filippin eng yaxshi uchinchi o‘rin bo‘lgan jamoa sifatida qatnashadi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA