Boks: 2024 yilgi O‘zbekiston chempionati nega 2025 yilda o‘tkazilmoqda? (+video)

294

Ortda qolgan Olimpiya yilini muvaffaqiyatli yakunlagan mamlakatimiz bokschilari joriy yilning ilk oyida kechiktirib o‘tkazilayotgan O‘zbekiston chempionatida ringga ko‘tariladi.

Qizig‘i, 2024 yilgi mamlakat chempionati joriy yilning 21-28 yanvar kunlari tashkil etiladi.

Ayni kunlarda O‘zbekiston boks federatsiyasi vakillari mazkur chempionatni yuqori saviyada o‘tkazish borasidagi tashkiliy ishlarni amalga oshirmoqda.

Chempionatning saralash bahslari 21-28 yanvar kunlari poytaxtimizdagi Respublika olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazining boks zalida bo‘lib o‘tsa, yarim final va final janglari 26-28 yanvar kunlari Renesans Hall binosida o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Xo‘sh, 2024 yilgi O‘zbekiston chempionati 2025 yilning ilk oyida o‘tishiga nima sabab bo‘ldi? Bunday vaziyatda 2025 yilgi mamlakat chempionati qachon va qanday tartibda bo‘lib o‘tadi? Doimgidek, mamlakat chempionatining asosiy bahslarini Olimpiya o‘yinlari, jahon va qit’a chempionatlarini boshqargan xorijlik hakamlar boshqarib boradimi? Musobaqalarda yana qanday shov-shuvli voqeliklar kuzatiladi?

Bundan tashqari, bokschilarimizning “Los-Anjeles-2028” Olimpiadasiga tayyorgarligi, Xalqaro boks assotsiatsiyasi va Xalqaro olimpiya qo‘mitasi tomonidan tan olingan Butunjahon boks tashkilotlari bilan munosabatlari qay tartibda olib borilmoqda? 2025 yilgi jahon va qit’a chempionatlaridagi ishtirokimiz qanday bo‘ladi?

Bahodir Jalolov nomidagi ixtisoslashtirilgan boks maktabida To‘lqin Qilichev bosh murabbiyligidagi mamlakat erkaklar terma jamoasi mashg‘ulotlarini, qiziqarli nazorat janglarini kuzatish asnosida O‘zbekiston boks federatsiyasi bosh kotibi Shahid Tillaboyev bilan shu haqda suhbatlashdik.

Haqiqatan, 2024 yil yurtimiz charm qo‘lqop ustalari uchun har jihatdan sermahsul bo‘ldi. Yil davomida turli yosh toifalaridagi bokschilarimiz 20 dan ziyod xalqaro turnirlar, jahon va qit’a chempionatlari, Olimpiya o‘yinlarida vatanimiz sharafini himoya qilib, oltin medallar sonini 100 tadan oshirdi.

Bu g‘alabalar tufayli Fransiya, Serbiya, Bolgariya, Ispaniya, Rossiya, Ruminiya, Qozog‘iston, Ozarbayjon, Vengriya, Tailand kabi o‘nlab davlatlarda O‘zbekiston madhiyasi baralla yangrab, bayrog‘imiz sarbaland bo‘ldi. Xalqimizning g‘urur-iftixori yuksaldi.

“Parij-2024” Olimpiadasidagi tarixiy g‘alaba(5 ta oltin) ortidan xorij davlatlarida o‘zbekistonlik boks murabbiylariga bo‘lgan talab ortdi.

Mashg‘ulotlarni kuzatish jarayonida Turkiya boks federatsiyasi vakillari bokschilarimiz hamda ularning murabbiylari harakatlarini diqqat bilan o‘rganayotganiga guvoh bo‘ldik.

Turkiya boks federatsiyasi bosh direktorining bildirishicha, ular O‘zbekiston boks federatsiyasi bilan 2 nafar murabbiyni Turkiya davlatiga ishga taklif qilish borasida muzokaralar olib bormoqda.

Shuningdek, qo‘shni Qirg‘iz Respublikasi vakillari ham terma jamoamiz mashg‘ulotlarida sportchilar bilan birga qatnashayotganidan mamnunligini, yurtimizning yengilmas bokschilaridan o‘rganadigan jihatlar ko‘pligini bildirdi.

Darhaqiqat shunday. Bugun dunyo terma jamoalari orasida yetakchi o‘ringa ko‘tarilib olgan o‘zbek boks maktabi o‘z mavqeni yanada mustahkamlash yo‘lida tashlanayotgan ishonchli qadamlar yangi g‘alabalar poydevori bo‘lib xizmat qilishini istab qolamiz.

T.Ro‘ziyev, A.Sodiqov, Anvarxo‘ja Ahmedov (video), O‘zA