Dzyudo: “Paris Grand Slam” musobaqasida 3 nafar sportchimiz qatnashadi

Shu kunlarda Avstriyaning Mitterzil shahrida eng katta xalqaro o‘quv-mashg‘ulot yig‘inida qatnashayotgan 44 ta davlatning yetakchi sportchilari 1-2-fevral kunlari “Paris Grand Slam” musobaqasida ishtirok etishi kutilmoqda.
Dunyoning 50 ga yaqin mamlakatidan 250 nafardan ortiq sportchisi ishtirok etadigan musobaqada O‘zbekiston terma jamoasining 3 nafar sportchisi yurtimiz sharafini himoya qilishi belgilandi.
Mamlakatimiz dzyudo federatsiyasi ma’lumotiga ko‘ra, ushbu nufuzli turnirda terma jamoamiz a’zolaridan Bahrom Boturov -60 kilogrammda, Shahram Ahadov -73 kilogrammda, O‘tkirbek To‘raboyev +100 kilogramm vaznda medallar uchun kurash olib borishi tasdiqlandi.
Yilning ilk nufuzli musobaqasining o‘ziga xos jihati, “Paris Grand Slam” turniri davomida 2024 yilning eng yaxshilari e’lon qilinadi.
E’tiborli jihati, nomzodlar orasida “Parij-2024” olimpiadasi g‘olibi Diyora Kediyorova, terma jamoamizda faoliyat olib borgan germaniyalik murabbiy Marko Shpitka, mahoratli sportchimiz Muhammad Jumayev bor. Ularning har biri tegishli nominatsiyalar bo‘yicha nomzod sifatida ko‘rsatilgan.
T.Ro‘ziyev, O‘zA