Janubiy Koreyada yana notinchlik…

171

Janubiy Koreya Prezidenti Yun Sok Yolning tarafdorlari uni qamoqqa olish masalasi hal etilayotgan sud zalida janjal uyushtirishdi. Mamlakatning yetakchi axborot agentligi – Ryonxap yozishicha, jazavaga tushgan qo‘zg‘olonchilar politsiya to‘sig‘ini yorib o‘tishga muvaffaq bo‘lgan va sud o‘tayotgan bino hududiga orqa tomondagi darvozadan kirib borgan.

Prezident himoyachilarining bir qismi temir panjaralardan oshib, namoyishchilarga qo‘shilgan. Olomon hovlini ishg‘ol qilgach, asosiy bino derazalari oynalarini chil-chil qilib, ichkariga o‘tib olgan. Vaziyat nazoratdan chiqqach, bosqinchilar qo‘llariga ilingan o‘t o‘chirish moslamalari va boshqa har qanday buyum, jihozlar bilan mebellarni sindira boshlagan, “Prezident Yun Sok Yol”, deya qichqirishgan. Bir guruh odamlar davlat rahbarini turmaga tashlash haqida hukm chiqargan sudyani qidirib qolishdi. Ayrimlar politsiya xodimlariga tashlanib, ularga yelim o‘rindiqlar irg‘itishdi, tartib posbonlarining qalqonlari, rezina darralarini olib qo‘yib, o‘zlariga qarshi ishlatishga urinishdi.

Darvoqe, Yun Sok Yol tarafida bo‘lgan ba’zilar safdoshlarini tinchlantirishga uringan va “Prezident buni xohlamagani”ni ta’kidlagan. Voqea joyiga qo‘shimcha kuchlar yetib kelgach, huquq muhofazachilari o‘ta faol qo‘zg‘olonchilarni qo‘lga oldi, qolgan namoyishchilardan zudlik bilan binoni tark etishni so‘radi. Sud zaliga bostirib kirib kelganlarning barchasi tarqalish, kelishilmagan mitingni to‘xtatish, umuman noqonuniy harakatlardan chekinishga chaqirildi. O‘zA ishonchli manbalar orqali Koreya Respublikasidagi favqulodda holatni kuzatib boradi.

O‘zA