U20 va U17 yosh toifasidagi terma jamoalarimizni jiddiy raqiblar kutmoqda

285

Xabaringiz bor joriy yilgi mavsumda futbol bo‘yicha turli yosh toifalarida muhim musobaqalar o‘tkaziladi va ularda O‘zbekiston terma jamoalari ham ishtirok etadi. Ushbu mas’uliyatli mavsumga puxta tayyorgarlik ko‘rayotgan U20 va U17 yosh toifasidagi terma jamoalarimiz xalqaro o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarida ishtirok etmoqda.

Jumladan, 12 fevral – 1 mart kunlari Xitoyda o‘tkaziladigan U20 yosh toifasidagi Osiyo kubogiga tayyorgarlik ko‘rayotgan O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi hozirda Qatarda navbatdagi yig‘inini o‘tkazmoqda. Jamoamiz yig‘in doirasida 17 yanvar kuni Suriya termasi bilan, 22 yanvarda esa Qatar terma jamoasi bilan nazorat o‘yinlarida maydonga tushadi.

U17 yoshli futbolchilar o‘rtasida joriy yilning 3-20 aprel kunlari Saudiya Arabistonida tashkil etiladigan Osiyo kubogiga tayyorgarlikni davom ettirayotgan O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasi uchun 21–31 yanvar kunlari Jidda shahrida yig‘in tashkil etiladi. Islom Ismoilov boshqaruvidagi jamoamiz yig‘in doirasida 26-29 yanvar kunlari Saudiya Arabistoni o‘smirlar termasiga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvini o‘tkazadi.

Javohir Toshxo‘jayev,

O‘zA