Sport kurashlari: 2025 yilda necha nafar sportchi terma jamoalarga jalb etiladi?

Mamlakatimizda mahoratli sportchilarni tayyorlash, ularni saralash tizimi yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, bunda sport turlari bo‘yicha o‘tkazilayotgan chempionatlar, birinchiliklar qatorida ommaviy sport o‘yinlarining alohida o‘rni bor, albatta.
Xo‘sh, o‘tgan yillar mobaynida sport kurashlarining olimpiya o‘yinlari tizimidan o‘rin olgan erkin, yunon-rum va ayollar kurashida samaradorlikka erishildimi?
Boshqacha aytganda, davlatimiz rahbari tomonidan 2022 yil imzolangan “Sport kurashlarining olimpiya turlarini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida ko‘rsatib o‘tilgan O‘zbekiston milliy terma jamoalari va ularning zaxira tarkiblari mahalliy sportchilardan shakllantirilishiga alohida e’tibor qaratish vazifasi qay darajada amalga oshirildi?
–Topshiriq ijrosini ta’minlash maqsadida yunon-rum, erkin va ayollar kurashi bo‘yicha mamlakat terma jamoalari va ularning zaxira tarkiblariga saralab olish uchun 2024 yil davomida respublika miqyosida 10 ta musobaqa tashkil etildi. Mazkur musobaqalarda 483 nafar mahalliy sportchilar 1–3-o‘rinlarni egalladi. Bu nimani anglatmoqda? Bu, eng avvalo, ushbu iqtidor egalari 2025 yil uchun O‘zbekiston milliy terma jamoalari va ularning zaxira tarkiblariga saralab olinganidan dalolat. Aynan ular ichidan saralangan, o‘z iste’dodini namoyish etganlar xalqaro musobaqalarda, qit’a va jahon chempionatlarida vatanimiz sharafini himoya qilish huquqiga ega bo‘ladi, — deydi Sport vazirligi bo‘lim boshlig‘i San’at G‘ulomnazarov.
Raqamlarga e’tibor qaratilsa, 2025 yil uchun O‘zbekiston milliy terma jamoasi tarkibiga saralab olingan sportchilarning yosh toifalariga ko‘ra, ayollar kurashida 20 nafar sportchi asosiy, 20 nafari zaxira tarkibga kiritilgan bo‘lsa, qizlar, o‘smir qizlar va kichik o‘smirlar orasida asosiy tarkibdan 60 nafar, zaxira tarkibdan 58 nafari joy olishga muvaffaq bo‘lgan.
Erkin kurash bo‘yicha mamlakat milliy terma jamoasi tarkibida 20 nafar asosiy, 20 nafar zaxira sportchilar olingan bo‘lsa, U23da 4 nafari asosiy, 1 nafar zaxira.
O‘smirlar, yoshlar va kichik o‘smirlar tarkibi umumiy hisobda 120 nafar sportchi bilan to‘ldirilganiga guvoh bo‘lamiz.
Shuningdek, yunon-rum kurashida ham iqtidorli sportchilar saralanib, yosh toifalari bo‘yicha 80 nafar asosiy, 80 nafar sportchi zaxira tarkibga kiritildi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA