Qozog‘iston xorijliklar uchun to‘lov kartalari muddatini bir yilgacha qisqartirdi

193

Qozog‘iston Respublikasi Moliya bozorini tartibga solish va rivojlantirish agentligi qonunchilikka chet elliklar uchun to‘lov kartalari amal qilish muddatini 12 oygacha cheklaydigan o‘zgarish kiritdi. Bu qaror giyohvand moddalar va raqamli aktivlar noqonuniy aylanmasida bank xizmatidan foydalanish bilan bog‘liq xavfni kamaytirishga qaratilgan.

Ishbilarmonlar, sarmoyadorlar va diplomatlar bundan mustasno bo‘lib, ular  bank xizmatidan cheklovsiz foydalanishi mumkin.

Banklar bir bankning beshdan ko‘p yoki turli bankdan uchta to‘lov kartasiga ega mijozlarni puxta tekshirishlari lozim.

Bundan buyon respublikada kompaniyalarning benefetsiar mulkdorlari haqidagi ma’lumotlar, xususan rasmiy hujjat va ochiq manbalardan foydalanishni tekshirish bo‘yicha ham yangi majburiyatlar amal qiladi.

Ilgari  kompaniya ustav kapitalining 25 foizidan ko‘piga ega jismoniy shaxs benefetsiar mulkdor hisoblangan bo‘lsa, hozir buning uchun boshqa shartlar ham mavjud.

Endi kompaniya yoki mulk boshqa shaxs yoxud tashkilot nomiga   rasmiylashtirilgan bo‘lsa ham, moliyaviy aktivga egalik qiladigan, aktivlarni nazorat qiladigan va daromad oladigan jismoniy shaxs benefitsiar mulkdor deyiladi.

Aziza Alimova, O‘zA