Fuqaro G.U. Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududiy Perinatal markazida ishlab yurib, 2023 yilning 30 mart kuni asossiz ravishda ishdan bo‘shatilgan.
Adolatni tiklash maqsadida, fuqaro G.U. Xorazm viloyati sudiga bo‘shatilgan ishiga tiklab berishni so‘rab, murojaat qilgan va sud uning da’vosini to‘liq qanoatlantirib, ishga tiklash haqida qaror qabul qilgan.
Ushbu qaror bo‘yicha 2024 yil 11 dekabr kuni chiqarilgan ijro varaqaga asosan da’vogar G.U. Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududiy Perinatal markazi 1-tug‘ruq bo‘limi katta doyasi (akusherka) lavozimiga 2023 yil 30 mart kunidan ishga qayta tiklash belgilangan.
Majburiy ijro byurosi xodimlari tomonidan olib borilgan ijro harakatlari davomida javobgar tashkilot rahbariyatiga sud qarori ijrosi ta’minlanishi shartligi, aks holda ularga nisbatan qonunda belgilangan choralar ko‘rilishi haqida ogohlantirishlar berilgan.
Shuning natijasida, da’vogar G.U. 2024 yilning 26 dekabr kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududiy Perinatal markazi direktorining 374-sonli buyrug‘iga asosan o‘zining avvalgi ish o‘rniga qayta ishga tiklangan va sud qarori ijrosi amalda ta’minlangan.
Xuddi shunday, fuqaro A.P. ham Majburiy ijro byuroning Nukus shahar bo‘limi xodimlari yordamida joriy yilning 3 yanvar kuni o‘zining avvalgi ish o‘rnini saqlab qoldi.
Xususan, Fuqarolik ishlari bo‘yicha Beruniy tumanlararo sudining ijro hujjatiga asosan Nukus shahar madaniyat bo‘limiga da’vogar A.P. ning mehnat shartnomasini bekor qilish harakatlarini tugatish va u bilan avvalgi mehnat munosabatlarini saqlab qolish majburiyati yuklatilgan.
O‘zA