Elektr tarmoqlari atrofida xavfsizlikni ta’minlash va foydalanish qoidalariga rioya qilish muhim hisoblanadi. Shu bois, belgilangan normalarga muvofiq, elektr tarmoqlari xo‘jaligi ob’ektlarining muhofaza zonalari aniq qoidalar asosida o‘rnatiladi.
Bu haqda “O‘zenergoinspeksiya” axborot xizmati rahbari Navro‘zbek Norboboyev quyidagilarni ma’lum qildi.
– Elektr tarmoqlari muhofaza zonalari energiya ta’minoti tizimida xavfsizlikni ta’minlash va atrofdagi odamlar hamda inshootlarni himoya qilish uchun juda muhimdir. Muhofaza zonalari kuchlanish darajasiga qarab aniq masofalarda belgilanadi va bu qoidalar elektr toki bilan bog‘liq xavf-xatarlarni kamaytirishga yordam beradi.
Bunday zonalarda qurilish ishlarini amalga oshirish, transport vositalarini joylashtirish yoki boshqa xatarli faoliyatlar bilan shug‘ullanish taqiqlangani har bir fuqaroning xavfsizligi uchun muhim o‘rin tutadi. Ushbu qoidalarga rioya qilish nafaqat shaxsiy xavfsizlikni, balki energetika tarmog‘ining barqaror ishlashini ham kafolatlaydi.
Qayd etganimizdek, muhofaza zonalari kuchlanish darajasiga qarab belgilanadi. Masalan, 1 kilovoltgacha kuchlanishli tarmoqlar uchun muhofaza zonasi ikki metr etib belgilangan. 20 kilovolt kuchlanishli tarmoqlar uchun bu masofa o‘n metrni tashkil etadi.
Agar tarmoq aholi punktlari chegarasidagi izolyatsiyalangan yoki o‘zini o‘zi tutib turuvchi simli liniyalarga tegishli bo‘lsa, masofa besh metrgacha qisqaradi.
35 kilovolt kuchlanishli tarmoqlar uchun muhofaza zonasi o‘n besh metrni tashkil qiladi. 110 kilovolt kuchlanishli tarmoqlar uchun bu masofa yigirma metrgacha oshadi.
220 kilovolt kuchlanishli tarmoqlar uchun muhofaza zonasi yigirma besh metr etib belgilanadi. 500 kilovolt kuchlanishli tarmoqlar uchun esa bu masofa o‘ttiz metrni tashkil etadi.
Mazkur muhofaza zonalari elektr uzatish tarmog‘ining chetki simlaridan har ikki tomonga vertikal tekislik bilan chegaralangan yer maydoni va havo bo‘shlig‘idan iborat. Bu hududda uy, bino, issiqxona va boshqa turdagi qurilish ishlarini amalga oshirish qat’iyan man etiladi.
Ta’kidlash lozimki, elektr tarmoqlari yaqinida xavfsizlikka rioya qilish fuqarolar va atrof-muhit uchun juda muhim. Belgilangan qoidalarga amal qilish halokatli holatlarning oldini olishga yordam beradi va energetika infratuzilmasining uzluksiz ishlashini ta’minlaydi. Shu bois, har bir fuqaro ushbu talablarga rioya qilishga mas’uldir.
O‘zA muxbiri Nasiba Ziyodullayeva yozib oldi.