Barchamizga ma’lumki, 2025 yil yurtimizda “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot yili” deb e’lon qilindi. Bu bejiz emas. Chunki turli ko‘rinishdagi ekologik muammolar insoniyatning hayoti va sog‘lig‘iga katta ta’sir ko‘rsatmoqda.

Davlatimiz rahbari parlament palatalaridagi nutqlari hamda xalqimizga yo‘llagan Yangi yil tabrigida ham ushbu yilda ekologiya sohasida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan masalalarga to‘xtalib o‘tdi. Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, Ekologik partiya fraksiyasi a’zosi Mohira Xo‘jayeva o‘z munosabatini bildirdi.

Deputat 2025 yil “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot yili” deb e’lon qilinishi nafaqat ekolog mutaxassislar, balki butun xalqimiz uchun orzularni amalga oshiradigan yil bo‘lishini qayd etdi.

-Chunki bugun global iqlim o‘zgarishi tobora kuchayib borayotgan bir sharoitda atrof-muhit muhofazasi davlatning barqaror taraqqiyotini belgilab beruvchi omil hisoblanadi. Davlatimiz rahbarining Yangi yil tabrigida inson va tabiat muvozanatiga asoslangan tizimni yaratish borasida taklifi nafaqat 2025 yil, balki uzoq yillarga mo‘ljallangan tabiat va inson o‘rtasidagi muvozanatni saqlashga qaratilgan dasturilamal bo‘ladi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi, – dedi deputat.

M.Komilova, A.Ahmedov, (video), O‘zA