O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 29 avgustdagi yig‘ilishida 2025 yilda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Qashqadaryo, Jizzax va Toshkent viloyatlarida jami 4 ta maktabda qurilish rekonstruksiya ishlari olib borilishi belgilangan edi.
Mazkur topshiriq ijrosi yuzasidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Chimboy tumani “Do‘stlik” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida umumiy qiymati 12,5 milliard so‘mlik 330 o‘ringa mo‘ljallangan yangi maktab hamda o‘quvchilar uchun sport zal qurilishini o‘z muddatida sifatli bajarishni nazorat qilish vazifasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi bojxona boshqarmasiga yuklatildi. Shu munosabat bilan, boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari O.Qadirov qurilishga mas’ul idora vakillari bilan uchrashib, loyiha smeta hujjatlarining tayyorlanishida mavjud muammolarni muhokama qildi.
Bugungi kunda 1,54 gektar yerda qad rostlaydigan maktabning pudratchi tashkilot tomonidan loyiha hujjatlari belgilangan tartibda ishlab chiqilib, ekspertizadan o‘tkazilmoqda. Ushbu sa’y-harakatlar o‘z natijasini berib, 2025 yil yakuniga qadar Chimboy tumanida ham kelajagimiz egalari bo‘lgan yoshlarning sifatli ta’lim olishi uchun barcha imkoniyatlarga ega zamonaviy maktab quriladi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri