Yangi yil bayrami arafasida Nukus shahrida “Jipek Joli Art” mehmonxonasining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi F.Ermanov, O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri A.Abduhakimov, Turizm qo‘mitasi raisi U.Shadiyev, shuningdek, ekologiya va turizm sohalarining mintaqaviy rasmiy vakillari hamda tadbirkorlar ishtirok etdi.
Yangi zamonaviy mehmonxona 33 o‘rinli bo‘lib, barcha qulayliklarga ega. “Jipek Joli Art” ko‘p yillardan buyon ishbilarmonlik qilib kelayotgan “AYIM TOUR” korxonasi tomonidan tashkil etilib, loyiha qiymati 5 milliard so‘mni tashkil etadi. Mehmonxonaning ishga tushirilishi natijasida 10 ta yangi ish o‘rni yaratildi.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar so‘nggi yillarda Orolbo‘yida turizm infratuzilmasini yaxshilash va xorijiy turistlar oqimini yanada oshirish, ichki turizm imkoniyatlarini yanada kengaytirish, sohaga to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarni jalb qilish borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlarga to‘xtaldi. Davlatimiz rahbarining 2019 yil 13 avgustdagi “O‘zbekiston Respublikasida turizm sohasini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 10 iyuldagi qarori bilan “Turizm fidoyisi” ko‘krak nishoni ta’sis etildi.
Tadbirda Qoraqalpog‘istonda turizm rivojiga o‘z hissasini qo‘shib kelayotgan bir guruh fidoyilarga, jumladan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Turizm boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Bayram Qusekeyev, I.Savitskiy nomidagi Qoraqalpog‘iston davlat san’at muzeyi direktori Tigran Mkrtichev, “AYIM TOUR” turistik korxonasi menejeri Ayjamal Taubaldiyeva, “MASSAGET” mehmonxonasi direktori Dilfuza Jiyenbekovaga “Turizm fidoyisi” ko‘krak nishoni tantanali ravishda topshirildi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA