To‘rtko‘lda tug‘ruq majmuasi foydalanishga topshirildi

Yangi yil bayrami arafasida To‘rtko‘l tuman tibbiyot markaziga qarashli tug‘ruq majmuasi binosi foydalanishga topshirildi.
Shu munosabat bilan o‘tkazilgan tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi Amanbay Orinbayev so‘zga chiqib, so‘nggi yillarda mamlakatimizda Prezidentimiz tashabbusi bilan sog‘liqni saqlash tizimini yanada isloh qilish, tibbiyot muassasalari moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, aholiga ko‘rsatilayotgan xizmat sifati va samaradorligini yanada oshirishga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi. Yangi yil bayrami arafasida mazkur binoning foydalanishga topshirilishi aholi farovonligi yo‘lidagi amaliy ishlarning yana bir yorqin ifodasi bo‘ldi.

Prezidentimizning 2023 yil 25 dekabrdagi “2024 – 2026 yillarda O‘zbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida bino qurilishiga 13 milliard so‘m mablag‘ ajratildi. Shu asosda tug‘ruq majmuasi kapital ta’mirlandi va qo‘shimcha 70 o‘rinli yangi bino barpo etildi.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri