2025 yil 1 yanvar kuni Moskva vaqti bilan soat 08:00 dan boshlab “Gazprom” tomonidan Rossiya gazini Ukraina orqali Yevropaga yetkazib berish imkoniyati texnik va huquqiy jihatdan cheklandi.

Bu haqda neft-gaz kompaniyasi matbuot xizmati ijtimoiy tarmoq orqali ma’lum qildi. Natijada Rossiya xom ashyo sotishdan 5 milliard yevro, Ukraina esa tranzit to‘lovidan bir milliard yevroga yaqin daromadni yo‘qotadi.

– 2019 yil 30 dekabrda imzolangan “Gazprom” OAJ va Ukrainaning “NAK Naftogaz” kompaniyasi o‘rtasida Rossiya gazini Ukraina hududi orqali tashishni tashkil etish bo‘yicha kelishuv, Rossiya gaz uzatish tizimi operatorlari o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik to‘g‘risidagi shartnoma, Ukraina – “Gazprom” OAJ va Ukrainaning gaz-transport tizimi operatori MCHJ” hujjatlarining amal qilish muddati tugadi, – deya ta’kidlagan kompaniya.

Tranzit to‘xtashi sababi Ukraina tomonining kelishuvni uzaytirishdan bir necha bor bosh tortgani bilan bog‘liqligi aytilmoqda.

Avvalroq “Reuters” agentligi Rossiya energetika resurslarini almashtirish bo‘yicha barcha sa’y-harakatlarga qaramay, Yevropa gaz yetkazilishi qisqarishi oqibatini allaqachon his qilgani haqida xabar bergan edi. Xususan, ko‘hna qit’ada iqtisodiyot keskin pasayishi, inflyatsiya muntazam o‘sishi va narx oshishi inqirozi kuzatilyapti.