Italiyaning moliyaviy poytaxti sifatida e’tirof etiladigan Milan shahrida ko‘chalar va jamoat joylarida chekish, bir necha istisnolardan tashqari, man qilindi. Ushbu keskin cheklov “shahar havosi sifatini yaxshilash”ga qaratilgan.

Bugundan kuchga kirgan taqiqqa ko‘ra, qoidabuzarlar 40-240 yevro oralig‘ida jarimaga tortiladi, deb yozgan “Euro News”.

Mahalliy hokimiyat vakillari ta’kidlashicha, chora “maxsus ixotalangan joylar”ga nisbatan qo‘llanmaydi. Bunday manzillarda chekuvchilar boshqalardan kamida 10 metr masofada turishi kerak.

2021 yil boshlangan tashabbusning so‘nggi bosqichi hisoblangan mazkur amaliyot, rasmiylar fikricha, shahar aholisi salomatligini “sust chekish”ning zararli ta’siridan himoya qilish maqsadini ko‘zlagan.

Qaror elektron  sigaretga taalluqli emas.

2020 yil shahar kengashi qabul qilgan havo sifati to‘g‘risidagi nizom, jumladan, chekishni bosqichma-bosqich taqiqlash va kamaytirishni nazarda tutadi. Dastlab Milanda jamoat bog‘i, bolalar maydonchasi, avtobus bekati va sport inshootlarida chekish taqiqlandi.

Ma’lumotlarga qaraganda, ushbu shahar havo sifati bo‘yicha Yevropaning eng iflos shaharlardan biri sanaladi. Shuningdek, transportdan chiqadigan yuqori darajadagi chiqindidan aziyat chekadi. Moda va sanoat markazi sifatida ham mashhur bo‘lgan Milan Po vodiysining qoq markazida joylashgan.

M.Pirmatova, O‘zA