Zamonaviy ilm-fan yutuqlari yaqin o‘n yilliklarda yerdan boshqa sivilizatsiyalarning ehtimoliy sonini taxmin qilish imkonini beradi, deydi Rochester universiteti fizika va astronomiya professori Adam Frank amerikalik bloger Aleksey Fridmanga bergan intervyusida.

“Bu hayratlanarli xulosa: ikki yarim ming yil davomida bir-birimizga bu haqda gapirib keldik, endi esa bizda shu savolga javob berish imkoni bor. Keyingi 10, 20, 30 yil ichida ayni mavzuda muayyan ma’lumotlarga ega bo‘lamiz”, – degan ekspert.

Olimning so‘zlariga ko‘ra, astronomlar ta’kidlangan davrda zaminimizdan tashqaridagi hayotni topa olmasligi mumkin, ammo Yerga o‘xshash sayyoralarni o‘rganish koinotda hayot paydo bo‘lishi va tarqalishi darajasini bosqichma-bosqich baholaydi.

Yaqinda Pentagonning keng qamrovli anomal hodisalarni o‘rganish boshqarmasi (All-domain Anomaly Resolution Office, AARO) 2024 yil uchun  tayyorlagan hisobotga ko‘ra, agentlik 118 anomal hodisani o‘rganib chiqib, yerdan tashqaridagi faoliyat, tirik mavjudot yoki texnologiya izini topa olmagan. Tahlil qilingan yana 174 ish bo‘yicha yakuniy xulosa hali rasman e’lon qilinmagan.