Poytaxtimizda O‘zbekiston Sport vazirligi va Milliy olimpiya qo‘mitasi rahbariyati ishtirokida mamlakat gandbol federatsiyasining navbatdan tashqari hisobot-saylov konferensiyasi tashkil etildi.
Milliy olimpiya qo‘mitasida tashkil etilgan ushbu konferensiyada Navoiy kon-metallurgiya kombinati bosh direktori, O‘zbekiston Qahramoni Quvondiq Sanoqulov nomzodi O‘zbekiston gandbol federatsiyasi raisi lavozimiga ilgari surildi.
O‘z navbatida, sport vaziri Adham Ikromov sport sohasida ham ulkan tajribaga ega bo‘lgan, bir necha yillar davomida mamlakat suzish federatsiyasi raisi lavozimida faoliyat olib borgan Quvondiq Sanoqulov haqida iliq fikrlar bildirib o‘tdi. Delegatlar ushbu nomzodni bir ovozdan ma’qulladi va Q.Sanoqulov mamlakat gandbol federatsiyasi raisi lavozimiga saylandi.
Yig‘ilish davomida O‘zbekiston gandbol federatsiyasining «Los-Anjeles-2028» yozgi Olimpiya o‘yinlariga tayyorgarlik rejasi atroflicha ko‘rib chiqildi. Unda rasmiylar bo‘lajak Olimpiya o‘yinlarida jamoaviy sport turlarida ham yo‘llanma olish muhim ekani, buning uchun barcha terma jamoalarimizga kerakli sharoitlar yaratib berilishi haqida to‘xtalib o‘tildi.
Taqdimotda O‘zbekiston erkaklar va ayollar terma jamoalarining bu boradagi imkoniyatlari o‘rganildi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA