Xalqaro sport tadqiqotlari markazi (CIES Football Observatory) jahon futbolining eng istiqbolli futbolchilari reytingini e’lon qildi.

CIES ekspertlari 21 yoshgacha bo‘lgan futbolchilarning “Wyscout” ma’lumotlari asosida jahon futbolining eng istiqbolli o‘n nafar markaziy himoyachisi reytingini shakllantirdi. Ahamiyatlisi, O‘zbekiston milliy terma jamoasi va “Lans” klubi markaziy himoyachisi Abduqodir Husanov ushbu reytingda 100 dan 81,8 ball to‘plab, eng yuqori pog‘onadan joy oldi.

Kuchli uchlikdan Italiyaning “Fiorentina” klubi sharafini himoya qilayotgan italiyalik himoyachi Petro Komutsso hamda Belgiyaning “Genk” klubi vakili Matte Smets ham joy oldi.

Shuni ta’kidlab o‘tishimiz lozimki, joriy mavsum Abduqodir Husanov “Lans” safida Fransiya chempionati va kubogi, Yevropa ligasi kabi nufuzli musobaqalarda yuqori saviyada o‘yin namoyish etib kelmoqda.

Abduqodir Husanov joriy mavsumda barcha turnirlarda 16 ta uchrashuvda ishtirok etdi. Shuningdek, yosh futbolchimiz O‘zbekiston milliy terma jamoasi safidagi o‘yinlari sonini 18 taga yetkazib oldi.

Javohir Toshxo‘jayev,

O‘zA