Poytaxtimizda jiu-jitsu bo‘yicha «O‘zbekiston Kubogi – 2024» musobaqasi bo‘lib o‘tdi.

Yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzi samarali targ‘ib qilinayotgani bois xalqaro maydonda yurtimiz sharafini himoya qiluvchi sportchilarimiz yutuqlari tobora oshib bormoqda.

Toshkent shahridagi «Universal» sport majmuasida jiu-jitsu bo‘yicha o‘tkazilgan O‘zbekiston kubogi musobaqasi mamlakatimizda sportni yanada rivojlantirish yo‘lida muhim qadam bo‘ldi.

20-23 dekabr kunlari bo‘lib o‘tgan musobaqada respublikamizning barcha viloyatidan kelgan munosib sportchilar ishtirok etdi.

Inoyat Rajabov, O‘zbekiston jiu-jitsu federatsiyasi Buxoro viloyati bo‘limi rahbari:

– «O‘zbekiston Kubogi – 2024» musobaqasiga Buxoro viloyatidan 150 ga yaqin sportchi bilan keldik. Bahslar shiddatli va qizg‘in kechdi. Sifat va son jihatdan ham o‘sish yuqori bo‘lmoqda. Musobaqaga yurtimizning barcha viloyatlari sportchilari o‘ziga xos kuchli tayyorgarlik bilan kelibdi.

Kubok bahslarini xalqaro sertifikatga ega bo‘lgan, professional hakamlar boshqardi.

Bayan Al-nuriy, Birlashgan Arab Amirliklaridan tashrif buyurgan hakam:

– «O‘zbekiston kubogi – 2024» musobaqasi tashkiliy masalalarda a’lo darajada, sportchilarning tayyorgarlik darajasi bo‘yicha ham yuqori saviyada tashkil etilganiga guvoh bo‘ldim.

O‘zbekiston kubogi nafaqat kuchli sportchilarni aniqlash, balki jiu-jitsu sport turini yanada ommalashtirishga xizmat qiladi.

Kattalar, o‘smirlar va yoshlar o‘rtasida bo‘lib o‘tgan jiu-jitsu sport turi bo‘yicha musobaqa natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston kubogi umumjamoa hisobida 1-o‘rin Qoraqalpog‘iston Respublikasi, 2-o‘rin Qashqadaryo viloyati, 3-o‘ringa Buxoro viloyati sportchilari loyiq ko‘rildi.

Musobaqa so‘ngida g‘oliblar taqdirlandi.

A.RUSTAMOV, O‘zA