Qozog‘istonda aralash jang san’atlari (MMA) bo‘yicha «Naiza 70» xalqaro turnirida hamyurtimiz Humoyun To‘xtamurodov navbatdagi jangini o‘tkazdi.

Mazkur musobaqaning asosiy kardidan o‘rin olgan ilk to‘qnashuvda Humoyun To‘xtamurodov kamerunlik Franklin Fomevuga qarshi oktagonga ko‘tarildi. Quvonarlisi, jangning 25-soniyasida Humoyun raqibiga bosim uyushtirdi va tezkor nokaut qayd etib, navbatdagi g‘alabasini qo‘lga kiritdi.

Ma’lumot uchun: Humoyun To‘xtamurodov MMA bo‘yicha «Naiza 68» musobaqasida eronlik Hesam Rasolini 3 raund etib belgilangan jangning ilk raundida og‘ritish usuli orqali muddatidan oldin mag‘lub etgan edi. Sportchimiz bu galgi muvaffaqiyatdan so‘ng faoliyatidagi g‘alabalar sonini 12 taga yetkazib oldi.

Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA