Iqtisodiyot va moliya vazirining birinchi o‘rinbosari Ilhom Norqulov hamda Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining Markaziy Osiyo va Mo‘g‘uliston bo‘yicha yetakchi mintaqaviy iqtisodchisi Ana Kresich o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Muloqot chog‘ida tomonlar mamlakatimizda amalga oshirilayotgan tizimli islohotlar va ularning natijalari, kichik va o‘rta tadbirkorlikni rivojlantirishga e’tibor qaratdi.
Ta’kidlanganidek, bunda biznes uchun yaratilgan keng imkoniyatlar, kichik va o‘rta biznesni moliyalashtirishni kengaytirish uchun qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini yanada takomillashtirish hamda xususiy sektorga yordam berish muhim ahamiyat kasb etadi.
Uchrashuvda tadbirkorlik jarayonlarida raqamlashtirishni kuchaytirish, qishloq xo‘jaligi sohasini rivojlantirish, xizmatlar sohasini yanada qo‘llab-quvvatlash hamda yashil o‘sish va yashil loyihalar yuzasidan ham so‘z yuritildi.
Muzokaralar yakunida tomonlar o‘zaro manfaatli hamkorlik aloqalarini rivojlantirish va YeTTBning global tajribasidan foydalangan holda samarali loyihalarni shakllantirishga kelishib oldi.
N.Ziyodullayeva tayyorladi,
O‘zA