– O‘z farzandlarining tug‘ilganligini rasmiy qayd ettirish orzusida yillab sarson bo‘lgan ona muammosi ijobiy hal qilindi, – deydi Beruniy tuman adliya bo‘limi boshlig‘i Saltanat Raimbekova. – Ona uchun huquqiy hujjatlar rasmiylashtirish farzandlari uchun kelajak sari tashlangan qadam. Aynura va Asqadbekning tug‘ilganligini tasdiqlovchi hujjatning yo‘qligi qator muammolarni keltirib chiqardi va bu o‘z yechimini topdi.

Xo‘sh, muammo qayerdan boshlandi? 2007 yilda Qozog‘iston Respublikasining Almata shahrida tug‘ilgan Aynura va 2011 yilda tug‘ilgan Asqadbekning tug‘ilganligini Qozog‘iston va O‘zbekiston FHDYO organlarida qayd etilmagan. Oila O‘zbekistonga ko‘chib kelgach, bu huquqiy bo‘shliq 11 yil davomida muammo tug‘dirdi. Bolalar ta’lim olishdan tortib, sog‘liqni saqlash tizimidan foydalanishgacha ko‘plab qiyinchiliklarga duch keldi. Bizga murojaat qilib, o‘z muammosini bildirgach, masalaning huquqiy yechimiga zudlik bilan kirishdik.

O‘zbekiston Respublikasi Oila va Fuqarolik protsessual kodekslari asosida fuqarolik ishlari bo‘yicha Beruniy tumanlararo sudiga ariza kiritildi. Masala sudda ko‘rib chiqilib, Aynuraning hamda Asqadbekning tug‘ilganlik faktini belgilash haqida sudning hal qiluv qarori chiqarildi. Farzandlarining qo‘lidagi guvohnomalarni ko‘rgan onaning ko‘zlaridagi yoshni so‘z bilan tariflash qiyin.

Dovud Abibullayev,  

O‘zA muxbiri