Prezident raisligida o‘tkazilayotgan videoselektor yig‘ilishida ichki bozor bilan cheklanmasdan, eksportni yanada ko‘paytirish muhimligi qayd etildi.
Salohiyati yuqori bo‘lgan to‘qimachilik, elektrotexnika, oziq-ovqat kabi sohalarda imkoniyatlar to‘liq ishlatilmayotgani ko‘rsatib o‘tildi.
Hozirda ip-kalavani qayta ishlash darajasi 50 foiz bo‘lsa, xom ipakda – 75 foiz, misda – 64 foiz, meva-sabzavotda esa 16 foizni tashkil qilmoqda.
Mamlakatimizdagi 1 mingga yaqin konlarda 100 dan ortiq turdagi mineral xomashyo bazasi mavjud. Tasdiqlangan zaxiralar qariyb 1 trillion dollarga baholangan.
Yildan-yilga qazib olish ko‘paymoqda. Lekin sanoatda yuqori texnologik ishlab chiqarish ulushi 25 foiz.
Shu bois Prezidentimiz xomashyoni chuqur qayta ishlab, yuqori qo‘shilgan qiymat va eksportni keskin oshirishga chaqirdi.
Mutasaddilarga tarmoqlar bilan birgalikda har bir xomashyo kesimida chuqur qayta ishlash va yuqori texnologik ishlab chiqarishni tashkil qilish bo‘yicha besh yillik dastur ishlab chiqish topshirildi.
O‘zA