Birlashgan Arab Amirliklarining Al-Ayn shahrida tezkor shaxmat bo‘yicha havaskorlar o‘rtasida o‘tkazilgan Osiyo chempionatida o‘zbekistonlik aql gimnastikasi vakillari munosib natijalarga erishdi.

31 ta davlatning mahoratli shaxmatchilari ishtirok etgan chempionatning umumiy mukofot jamg‘armasi 25 ming AQSH dollaridan iborat.

Shiddatli kechgan bahslar sarhisobiga ko‘ra, ayollar o‘rtasidagi musobaqalarda o‘z iqtidorini namoyish etgan hamyurtimiz Shahnoza Sobirova tezkor shaxmat bo‘yicha 7 ta turda 6 ochko jamg‘arib, Osiyo chempioni bo‘ldi va musobaqa nizomida belgilangan mukofot mablag‘iga ega bo‘ldi.

Erkaklar o‘rtasidagi bahslarda vatanimiz sharafini Muhammadrizo Umarov himoya qildi. Qiziqarli o‘tgan 9 ta turdan iborat o‘yinlarda shaxmatchimiz 7,5 ochko jamg‘argan holda kumush medalga ega chiqdi.

1-o‘rinni 8 ochkoni qo‘lga kiritgan Birlashgan Arab Amirliklari vakili Xamad Essam egallagan bo‘lsa, 3-o‘rin 7 ochko jamg‘argan BAAlik yana bir shaxmatchi Muhammad Said Laylga nasib etdi.

T.Ro‘ziyev,

O‘zA