Shu kunlarda Pokiston poytaxtidagi “Bahriya” universitetida “Global Village” xalqaro madaniy festivali bo‘lib o‘tmoqda. E’tiborli jihati, mazkur festivalda O‘zbekiston paviloni ham tashkil etilgan.
Mazkur tadbir dunyo mamlakatlarining turfa madaniyatlarini bir joyda jamlash, barcha xalqlarning o‘ziga xosligini saqlagan holda tinchlik va bag‘rikenglik kabi umumiy ezgu maqsadlar sari intilishlarini targ‘ib qilish, o‘zaro muloqotni qo‘llab-quvvatlovchi platforma vazifasini o‘tash maqsadida o‘tkazilmoqda.
Yig‘inning rasmiy ochilish marosimida O‘zbekistonning boy milliy-madaniy merosi, urf-odatlari, noyob an’analari va qadimiy davlatchilik tarixi haqida tadbir qatnashchilariga atroflicha ma’lumot berildi.
Qayd etish joizki, festivalning birinchi kunidanoq yurtimiz paviloni o‘ziga xosligi va jozibadorligi bilan barcha qatnashchilar e’tiborini o‘ziga jalb qildi. Milliy liboslar, hunarmandchilik namunalari, cholg‘u asboblari, buyuk ajdodlarimiz faoliyatiga bag‘ishlangan noyob kitoblar pavilonga tashrif buyuruvchilarda katta qiziqish uyg‘otdi.
Quvonarlisi, xorijlik mehmonlardan biri O‘zbekistonning milliy liboslari va hunarmandchilik buyumlari naqadar go‘zal ekanligini ta’kidlab, ularning nafisligi va o‘ziga xosligidan hayratda ekanligini yashirmadi.
Koreyalik talaba esa tadbir chog‘ida o‘zbek xalqi madaniyatining qadimiyligi va boyligi, umuman, o‘lkamiz haqida qiziqarli va qimmatli ma’lumotlarga ega bo‘lganini aytib, kelajakda albatta O‘zbekistonga sayohat qilish istagi tug‘ilganini ma’lum qildi.
Umuman olganda, ushbu xalqaro madaniy festival O‘zbekistonning boy madaniy merosi va turistik salohiyatini Pokistonda keng targ‘ib qilishda qulay va samarali platforma sifatida xizmat qilmoqda.
G.Sattorova, O‘zA