O‘zbekistonda axborot sohasini erkinlashtirish va rivojlantirish Yangi O‘zbekistonni barpo etish jarayonida biz uchun doimo ustuvor vazifa bo‘lib kelmoqda. Shunday ekan, mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan davlat va nodavlat ommaviy axborot vositalari, shu jumladan telekanallarga bo‘lgan e’tibor ortib bormoqda, keng imkoniyatlar yaratilgan.
Natijada, bugungi kunda yurtimizda so‘z erkinligi va fikrlar xilma-xilligiga erishish yo‘lida jonbozlik ko‘rsatayotgan, faol ishlab kelayotgan tarmoqlar ko‘p, ular hatto mahalliy va xorijiy OAVga namuna bo‘lmoqda. Ulardan biri “Mening yurtim” telekanali.
Telekanal O‘zbekistondagi oilaviy tomosha uchun mo‘ljallangan eng yirik va taniqli ommaviy axborot vositalaridan biri sanalib, 2014 yil o‘z faoliyatini boshlagan. Respublika bo‘ylab efirga chiquvchi telekanal 35 millionlik auditoriyani qamrab olgan. Jamoada 200 dan ziyod yosh ijodkorlar ishlaydi.
Asosan yoshlar auditoriyasiga yo‘naltirilgan mazkur telekanal O‘zbekistonda sodir bo‘layotgan eng so‘nggi yangiliklardan tortib, ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy, madaniy va boshqa yo‘nalishlarda ham dasturlar tayyorlab keladi. Ayni paytda kanalda 20 dan ortiq dasturlar efirga uzatilmoqda.
“Markaziy studiya” va “Hudud” informatsion dasturi, “Xalq ichida”, “Amirxon Umarov shousi” kabi ijtimoiy ko‘rsatuv va tok-shoular, “Omon-omon” tonggi dasturi, “Xush ko’rdik”, “Diydor shirin”, “Muzqaymoq Party”, “Men yulduzman”, “TOP music” kabi musiqiy-televizion loyihalar kabi ko‘ngilochar ko‘rsatuvlar, ko‘plab nomdagi novellalar tomoshabinlar orasida nom qozongan.
2019 yilda telekanalning “Markaziy studiya” dasturi Jahon matbuoti erkinligi kunida an’anaviy tashkil etiladigan xalqaro “Oltin qalam” tanlovida televideniye yo‘nalishi bo‘yicha birinchi o‘ringa sazovor bo‘lgan.
Telekanal, shuningdek, Markaziy Osiyo va Yevropada joylashgan ko‘plab mamlakatlarda sun’iy yo‘ldosh orqali efirga uzatiladi va butun dunyo bo‘ylab 130 million xonadonni qamrab olgan. Bundan tashqari, telekanalni Biz Media, MediaBay, itv, Cinerama, Kartina TV, MeGoGo va boshqa ko‘plab platformalar orqali onlayn tomosha qilish imkoni ham yaratilgan.
Bugungi kunda, “Mening yurtim” jamoasida yosh ijodkorlar bilan bir qatorda xalqimiz orasida mehr qozongan, faol ishlab kelayotgan jurnalistlarni ham uchratish mumkin. Jamoa yoshlarga oid davlat siyosatini keng targ‘ib qilish bilan birga xalqimiz turmush tarzini farovon qilish yo‘lida qator tahliliy-tanqidiy materiallarni efirga uzatib kelmoqda. O‘tgan vaqt mobaynida har qanday holatda jamoani rag‘batlantirish, ularni qo‘llab-quvvatlash eng muhim maqsad bo‘lib qolgan.
Behruz Xudoyberdiyev,
Asliddin Alijonov,Ulug‘bek To‘xtayev (video), O‘zA