O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi “Oliy va kasbiy ta’lim tashkilotlari bitiruvchilarining yakuniy davlat attestatsiyasini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qaror qabul qildi.
Unga muvofiq, 2025 yil 1 yanvardan boshlab oliy va kasbiy ta’lim tashkilotlari bitiruvchilarining yakuniy davlat attestatsiyasini ish beruvchi korxona va tashkilotlarda ham tashkil etish amaliyoti joriy qilinadi.
Qaror bilan:
Oliy ta’lim tashkilotlari bitiruvchilarining yakuniy davlat attestatsiyasini o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizom;
Kasbiy ta’lim tashkilotlari bitiruvchilarining yakuniy davlat attestatsiyasini o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.
Diplom loyihasi hamda bitiruv malakaviy ishi himoya qilinadigan bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari ro‘yxati ta’lim sohalarining xususiyatlaridan kelib chiqqan holda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan tasdiqlanadi.
Diplom loyihasi va bitiruv malakaviy ishi himoya qilinmaydigan bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari bitiruvchilariga ularning xohishidan kelib chiqib, diplom loyihasi yoki bitiruv malakaviy ishi himoya qilinishiga ruxsat beriladi;
yakuniy davlat attestatsiya komissiyasi a’zoligiga jalb etilgan mutaxassislarga qonunchilik hujjatlariga muvofiq mehnatga soatbay haq to‘lash miqdorlari asosida haq to‘lanadi hamda ularning asosiy ish joylaridagi ish haqlari saqlab qolinadi;
kasbiy ta’lim tashkilotlari bitiruvchilari kompetensiyasini ko‘rgazmali-amaliy imtihon shaklida baholashda talab etiladigan xomashyo va yonilg‘i moylash materiallarini xarid qilish bilan bog‘liq xarajatlar tegishli ta’lim tashkilotlariga respublika byudjetidan ajratilgan mablag‘lar, to‘lov-kontrakt hamda byudjetdan tashqari mablag‘lar hisobidan moliyalashtiriladi.
2025 yil 1 yanvardan boshlab kasbiy ta’lim tashkilotlari pedagog kadrlarining malakasini oshirish o‘quv rejalariga “Germaniya tajribasi” asosida bitiruvchilarni baholash bo‘yicha o‘quv kursi kiritiladi.
O‘zA