Ikkita sudning ma’muriy binosi foydalanishga topshirildi

335

Yangi yil bayrami arafasida jinoyat ishlari bo‘yicha Taxiatosh tuman sudi hamda Nukus harbiy sudining ma’muriy binosi foydalanishga topshirildi.

Shu munosabat bilan o‘tkazilgan tadbirda sud faxriylari, keng jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi A.Orinbayev, Oliy sud raisi B.Islamov va boshqalar mamlakatimizda davlatimiz rahbari tashabbusi bilan sud-huquq tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar doirasida sudlarning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, sudya va sud xodimlari uchun munosib ish sharoitlarini yaratish masalasiga qaratilayotgani haqida so‘zladi.

Qayd etilganidek, so‘nggi 5 yilda 84 ta sud uchun 51 ta yangi bino qurish, 23 ta sud uchun 17 ta mavjud sud ma’muriy binosini rekonstruksiya qilish ishlari amalga oshirilib, jami 107 ta sud zamonaviy bino bilan ta’minlandi. Xususan, birgina Qoraqalpog‘iston Respublikasining o‘zida 5 ta yangi bino qurilib, 2 ta sud binosining rekonstruksiya ishlarining amalga oshirilganligi buning yaqqol isbotidir.

Bugun sudlarga qaratilayotgan yuksak e’tibor soha vakillariga sudyalik faoliyatini amalga oshirishda odil sudlovni, eng asosiysi, inson huquq va manfaatlarini ta’minlashda muhim omil bo‘lmoqda. Shuningdek, tizimdagi islohotlarning eng muhim jihati sudlarni jazolovchi emas balki, haqiqiy adolat qo‘rg‘oniga aylantirishga xizmat qilmoqda. Sud-huquq tizimidagi islohotlar natijasida fuqarolar sudga yaqinlashdi, bemalol dardini aytish imkoni paydo bo‘ldi.

Tadbirda, mazkur binolarni qisqa fursatlarda zamon talablari asosida qad ko‘targan qo‘li gul quruvchilarga va barcha mutasaddilarga minnatdorlik bildirildi. Tadbir ishtirokchilari sudlarning yangi binolarida yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdi.

E’tiborli jihati, binolar eng zamonaviy axborot-telekommunikatsiya vositalari bilan jihozlangan. Videokonferensaloqa tizimi, audio-fiksatsiya, infokiosk, korporativ tarmoq yo‘lga qo‘yilganligi nafaqat sudyalar ishini osonlashtirish, balki fuqarolar uchun ham qulaylik yaratadi.

Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA