Erkin kurash bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi, XXXIII yozgi Olimpiya o‘yinlari g‘olibi Razambek Jamalov 74 kilogrammgacha vazn toifasida jahon reytingida peshqadamlikni saqlab qoldi.
Nufuzli musobaqalarda mamlakatimiz sharafini himoya qilib kelayotgan Razambek polvon “Parij-2024” Olimpiadasi orqali jamg‘arib olgan ochkolari evaziga dekabr oyi uchun yangilangan reytingda peshqadamlikni hech kimga bermadi.
Shuni ta’kidlab o‘tish lozimki, R.Jamalov yilni reyting peshqadami sifatida yakunlagani uchun Birlashgan kurash ittifoqi (UWW) tomonidan 5 ming AQSH dollari pul mukofoti bilan taqdirlandi.
Ma’lumot o‘rnida: Mazkur jadvalning -57 kg. vazn toifasida “Parij-2024” Olimpiya o‘yinlarining bronza medali sohibi hamyurtimiz G‘ulomjon Abdullayev o‘z vaznida to‘rtinchi o‘rindan joy oldi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA