Bugun, 18 dekabr kuni poytaxtimizdagi “Renessans kino uyi”da shaxmat bo‘yicha “Toshkent shahar hokimi kubogi” musobaqalarining 4-tur bahslari bo‘lib o‘tadi.
Sovrin jamg‘armasi 300 million so‘mdan iborat turnirning “Masters” guruhida 2,5 ochko jamg‘argan shaxmatchilarimizdan Muhammadzohid Suyarov 4-turda qora donalarda hindistonlik Sethuraman bilan, Saidakbar Saidaliyev qora donalarda Timur Gareyev bilan kuch sinashadi.
Aytish lozim, shaxmatchilar turnirda o‘z reyting darajalari bo‘yicha 3 ta guruhga bo‘lingan holda bahslarda ishtirok etmoqda.
Ortda qolgan 3 ta tur natijalariga ko‘ra, “Masters” guruhida 52 nafar shaxmatchi dona surayotgan bo‘lsa, ularning 9 nafari 2,5 tadan ochko jamg‘arib, g‘oliblikka da’vogarlik qilmoqda.
Mamlakatimiz shaxmatchilaridan Tohir Vohidov, Ulug‘bek Tillayev, Bahrom Bahrillayev, Abdumalik Abdusalimov, Ruslan Niyozmetov, Humoyun Bekmurodov, Akbarali Abduhakimov hisobida 2 ochkodan mavjud.
Eslatib o‘tamiz, 22 dekabrga qadar davom etadigan “Toshkent shahar hokimi kubogi” bahslarida 15 ta davlatning 400 nafarga yaqin shaxmatchilari qatnashmoqda.
T.Ro‘ziyev, O‘zA